Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul Federal universiteti olimlari Amerika rayhoni ekstrakti miya qarishini sekinlashtirishi, oksidlovchi stress va yallig‘lanishni kamaytirishini aniqladi. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida chop etilgan.
Olimlar kalamushlar ustida tajriba o‘tkazib, rayhon qo‘shimchasining xotira va o‘rganish uchun muhim bo‘lgan gippokampga ta’sirini o‘rganishgan. Natijalarga ko‘ra, rayhon tarkibidagi birikmalar organizmda hujayralarni shikastlovchi aktiv kislorod shakllarini kamaytirgan. Shu orqali u oksidlovchi stressni oldini olib, neyronlarning faoliyatini saqlab qolgan.
Tajriba davomida rayhon ekstrakti gippokampdagi hujayra membranalarini himoya qilgani, shuningdek, yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiruvchi TNF-α va IL-1β sitokinlari darajasini pasaytirgani aniqlangan. Bu esa miya to‘qimalarida neyroyallig‘lanish xavfini kamaytirgan.
Biokimyoviy tahlilga ko‘ra, rayhon tarkibida rozmarin va xloregen kislotalari kabi kuchli antioksidant fenol birikmalari mavjud. Olimlarning fikricha, aynan shu moddalar miya hujayralarini himoya qiluvchi — neyroprotektiv — ta’sirni ta’minlaydi.
Tadqiqotchilar bu natijalar asosida Amerika rayhoni ekstraktidan biologik faol qo‘shimchalar va nutrasevtik vositalar ishlab chiqish mumkinligini ta’kidlamoqda. Biroq inson organizmi uchun eng samarali doza va shaklni aniqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar zarurligi qayd etilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/7fqpDNkmR2I?si=cygfNIv7wgip63Pv" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA