Kolorado shtati universiteti olimlarining aniqlashicha, erkaklar koronavirus zarralarini ayollar va bolalarga qaraganda ko‘proq tashib yurar ekan, deb xabar tarqatdi CBS telekanali.
Tadqiqotchilar teatrlar, musiqachilar va konsert o‘tkaziladigan joylarda ijrochilar faoliyatlarini karantindan keyin xavfsiz davom ettirishi uchun COVID-19 ning san’at vakillari orasida tarqalish tezligini kuzatishdi. Olimlar ularning nafas olishida tupuk tomchilarini kuzatib, koronavirusning tarqalish tezligi odamlarning jinsiga va yoshiga hamda baland ovoziga bog‘liqligini aniqladilar.
"Yoshi kattalar, odatda bolalarga qaraganda ko‘p zarra ajratadi. Erkaklarning ko‘p zarra chiqarishiga sabab esa, ularning o‘pkasi kattaligidan. Ovozning balandligi esa ovoz chiqarishda qanchalik ko‘p quvvat sarflashini bildiradi. Ushbu quvvat tanadan chiqayotgan ko‘p miqdordagi zarralarga aylanadi. Viruslarni tashuvchi ushbu zarralar kasallikni boshqa odamlarga yuqtiradi", — deydi mashinasozlik kafedrasi professori Jon Volkens.
Ekspertning ta’kidlashicha, barlar, sport arenalari va konsert o‘tkaziladigan joylar jamoat joylari orasida eng xavflisi hisoblanadi, chunki bu yerlarda odamlar yoki qattiq gaplashadi, yoki qattiq kuylaydi.