Ko‘pchiligimiz Toshkent Botanika bog‘i haqida eshitganmiz, uning toza havosidan to‘yib nafas olganmiz. Ekologik muammolar kuchayayotgan davrda ana shunday hududlarni ko‘paytirishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Bugungi kunda bog‘dan olimlar ilmiy tadqiqotlar muassasasi sifatida foydalanib keladi. 2023-yildan boshlab Botanika bog‘i olimlari safi kengaydi. Qo‘shni davlatlar bilan memorandumlar imzolandi.
Olimlar eng avvalo, yo‘qolib ketayotgan o‘simliklarni saqlab qolish, ularni muhofaza qilish, yaxshi o‘sadigan hududga ekish, kolleksiyalar bilan boyitish masalalariga e’tibor qaratadi. Undan tashqari, ekologik ta’lim-tarbiyada ham bog‘ning o‘rni katta. O‘simliklar dunyosiga qiziqqan yoshlar shu yerga kelib o‘rganadi, yosh olimlar esa bilimlarini boyitib boradi.

Botanika bog‘idagi noyob o‘simliklarni ko‘paytirish, mavjudlarini esa asrash maqsadida Botanika instituti olimlari tomonidan doimiy ravishda amaliy harakatlar olib boriladi. Qo‘shni davlatlar bilan tajriba almashiladi.
Shunday ishlarning amaliy davomi sifatida Botanika institutida «Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlari botanika institutlari o‘rtasida ikkinchi seminar» tashkil etildi.
Tadbirga AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikasidan kelgan mutaxassislar o‘z taqdimotlarida Botanika bog‘laridan oqilona foydalanish va o‘simliklar bioxilma-xilligini saqlash bo‘yicha qiziqarli ma’ruzalar qildi.

– Hali yashil olamning biz bilmagan sir-asrorlari, noyob tur o‘simliklari juda ko‘p, – dedi akademik Komiljon Tojiboyev. – Bu kabi tajriba almashinuvlar orqali biz olimlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun olamdagi yashillikni ko‘paytirish, uni asrash yo‘llari bo‘yicha bir-birimizga tushunchalar beramiz. O‘zimizga noma’lum bo‘lib turgan o‘simliklarning yangi turlari haqidagi bilimlarimizni boyitamiz va uni tajribada qo‘llaymiz. Bu kabi tajriba almashinuvlar albatta, o‘z samarasini beradi.
Shuningdek, seminarda Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlari botanika institutlari o‘rtasidagi yangi tashabbuslar muhokama qilindi. Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Seminar davomida olimlar tomonidan so‘nggi yillarda nashr qilingan ilmiy adabiyotlar to‘plamlari almashildi.
N.Rahmonova, O‘zA