Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimjon Davlatov: “Alisher Navoiy merosiga qiziqish yil sayin ortib bormoqda”
10:43 / 2024-02-07

9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi tashkil etilgan edi.  

Bugungi kunda mazkur fond alloma bobomiz merosini targ‘ib etish borasida qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Fond rahbari, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov bilan shu haqda suhbatlashdik.  

– Navoiy merosini xalqchil tarzda targ‘ib etish bo‘yicha fond tomonidan qanday ishlar qilinmoqda?  

– Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi 2021 yil 4 fevral kuni Prezidentimizning tegishli qarori bilan tashkil etilgan. Alisher Navoiy hayoti, g‘oyalari, merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga ko‘maklashish, ularning  ilmiy va badiiy asarlarini jamlash, shoir ijodini o‘rganayotgan xorijdagi ilmiy-ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish fondning asosiy vazifalari sanaladi.  

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda o‘tgan davr mobaynida fond tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Alisher Navoiy asarlari izohli lug‘ati”ning mobil ilovasi yaratildi. Hazrat Navoiy qo‘llagan so‘zlar, iboralarning barchasini endilikda mazkur ilovada topish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Alisher Navoiyning asarlarini targ‘ib etish bo‘yicha yana bir qator ishlarga qo‘l urildi. Masalan, Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni tojik tiliga tarjima qilinib, ikki tilda - o‘zbek va tojik tillarida nashr etildi. Hozirgi paytda Navoiyning lirik asarlari belarus tiliga tarjima qilindi. Ayni paytda shoirning ijod namunalari xitoy tiliga ham o‘girilmoqda. Bu yil Navoiy ijodining belarus tilidagi tarjimasini kitob holida nashr etish va Minskda taqdimotini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.  

O‘tgan davr mobaynida fond tomonidan “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” o‘ttiz jildlik ilmiy tadqiqotlar majmuasi yaratildi. Bu majmua davlatimiz rahbari va ilmiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi. Mazkur muhtasham to‘plamda mustaqillik yillarida yaratilgan ilmiy-tadqiqotlar, monografiyalar, eng muhim bo‘lgan maqolalar keltirilgan. Bu majmua nainki O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlardagi navoiyshunoslar tomonidan ham yuqori e’tirof etildi.  

– Alisher Navoiy ijodini odamlar, ayniqsa yosh avlodga tobora tushunarli va ta’sirchan tarzda targ‘ib etishda nimalarga e’tibor qaratiladi?  

–  Hazrat Navoiyning asarlari mazmunini targ‘ib etish avval ham bo‘lgan va bu boradagi ishlar hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi.  Navoiy har bir baytining o‘nlab ma’nosi bor. Mutafakkir shoirning har bir so‘zi zamiridagi ma’nolar xazinasini kashf etish va uni o‘quvchilarga yetkazish har bir navoiyshunos, ijodkorning vazifasidir. Shu ma’noda so‘nggi yillarda Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar yozishga  katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Nusratilla Jumaxo‘ja tomonidan “Qaro ko‘zim” g‘azalining tahliliga bag‘ishlangan ilmiy monografik tadqiqot amalga oshirildi. Bir g‘azal bir kitob bo‘ldi va bunda yetti-sakkizta sharhning qiyosiy tahlili amalga oshirildiki, bu ham kitobxonlar tomonidan yaxshi kutib olindi.  

Shuningdek, “Xamsa” tarkibidagi dostonlar nasriy bayonlari bilan  nashrga tayyorlandi. Men va filologiya fanlari doktori, professor Dilnavoz Yusupova baytma-bayt nasriy bayonini yaratdik va bu ham kitob holida nashr etildi. Lotin yozuvidagi bu kitob ham kitobxonlar tomonidan yaxshi qabul qilindi. Undan tashqari, Navoiy g‘azallari sharhiga bag‘ishlangan besh jilddan iborat “Ma’nolar xazinasi” kitobi ham tayyorlanib, nashr etildi.  

–  Siz rahbarlik qilayotgan fondning Navoiy merosini o‘rganish bo‘yicha  xorijiy mamlakatlardagi ilmiy-ma’rifiy muassasalar bilan hamkorligi qanday?  

–  Fond tomonidan xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari bilan keng ma’rifiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan,  Pokistonning Lahor universitetida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti markazi ochildi. Shuningdek, Turkiyada Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘z faoliyatini boshladiki, ushbu markaz o‘z navbatida Navoiy fondining o‘sha mamlakatdagi  vakolatxonasi vazifasini bajaradi. Hozirgi vaqtda ushbu markaz bilan hamkorlikda Turkiyada Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.  

Nasib qilsa, Turkiyada 2024 yilda ulug‘ mutafakkir bobomizning haykali qad rostlaydi. Undan tashqari Eron Islom Respublikasida olim G‘ulom Rizo Razmiy tomonidan “Xazoyin ul-maoniy” devoni lirik asarlar kulliyotining yangi ilmiy-tanqidiy matni nashrga tayyorlandi va chop  etildi. Bu ham ilmiy hamkorligimizning yorqin bir namunasi sifatida baholanishi mumkin. Umuman olganda, bugungi kunda Navoiy ijodiga munosabat, Navoiy shaxsini, ilmiy merosini  yanada sodda, ommabop qilib xalqqa yetkazish tobora dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki biz Navoiyning merosiga yosh avlodni qanchalik ko‘proq yaqinlashtirsak, ularni alloma ijodidan bahramand etsak, shunchalik qudratli ma’naviy qurolga ega bo‘lamiz. Negaki, Prezidentimiz aytganlaridek, ma’naviyatsiz odam qurolsiz askarga o‘xshaydi. Shu fikrdan kelib chiqsak, har bir ma’naviyat sohasidagi vatandoshimiz Navoiyning hayotbaxsh umuminsoniy g‘oyalari bilan qurollangan bo‘lishi kerak. Bu esa navoiyshunoslar zimmasidagi mas’uliyatli vazifadir.  

Har yili 9 fevral kuni fondimiz “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” nomli xalqaro ilmiy simpoziumni o‘tkazadi. Unda  o‘zbekistonlik navoiyshunoslar bilan birga, dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar ham qatnashadi. Aytish kerakki,  yildan-yilga bu simpozium ommalashib bormoqda. Masalan, 2024  yilgi mazkur yirik anjumanda Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlar bilan birga, Eron Islom Respublikasi, Turkiya, Mirs Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Belgiya, Pokiston, Hindiston, Vengriya, Kipr, AQSH, Xitoydan ham olimlar o‘z maqolalarini yuborishgan.  

Xorijlik olim va tadqiqotchilardan 80 ga yaqin ilmiy maqolalar, takliflar  kelib tushdi. Shundan 35 ta maqola komissiya tomonidan ijobiy ish sifatida baholandi. 22 nafar olim va tadqiqotchi bevosita Toshkentdagi yirik tadbirda qatnashish istagini bildirdi. Qolganlari esa onlayn tarzda simpoziumda ishtirok etish istagida. Bu esa Navoiyning merosiga yildan-yilga qiziqish ortib borayotganini anglatmoqda. Bugun xorijiy davlatlardagi ilmiy markazlar, ularda ishlayotgan tadqiqotchilar  O‘zbekiston deganda Navoiyni, Navoiy deganda O‘zbekistonni  tushunayaptilar.  Bu bizning eng katta yutug‘imiz sanaladi.  

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!  

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi