O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar rejasi”ga ko‘ra, o‘tgan hafta yurtimizda “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi o‘tkazildi.
Xotin-qizlarning innovatsion va biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbir Samarqand viloyatida ham yuqori saviyada o‘tkazildi. 6 avgust kuni haftalik yakuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda forum yakunlari tahlil qilindi.

bugungi kunda viloyatda professor-o‘qituvchi ayollar 1269 nafarni tashkil etadi. Ularning asosiysi qismi Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Samarqand davlat chet tillar institutida faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, viloyat bo‘yicha 252 nafar fan doktorlarining 13,5 foizini, 1007 nafar fan nomzodlarining 26,6 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 2021 yilda Samarqand davlat tibbiyot universitetida 24 nafar, Samarqand davlat chet tillar institutida 8 nafar olima PhD bo‘yicha dissertatsiya himoya qilgan.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Rahmonova olima ayollar safini kengaytirish, ularning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlab, bu borada bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Haftalik doirasida e’lon qilingan tanlovda ishtirok etgan 13 nafar g‘olib va 6 nafar trenerlar boshqarmaning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘.HASANOV, O‘zA