Namangan davlat universitetida viloyat “Olima ayollar” uyushmasi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi. Unda faol olimalar, doktorantlar va magistr xotin-qizlar, ijodkor ayollar ishtirok etdi.
Quvonarlisi shundaki, vodiyda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mazkur universitetda bugungi kunda besh nafar fan doktori va professor, 87 nafar fan nomzodi va falsafa bo‘yicha fan doktori bo‘lgan xotin-qizlar faoliyat olib borishmoqda. Shuningdek, 172 nafar doktorant, 31 nafar mustaqil izlanuvchi va stajyor-tadqiqotchi ayol-qiz ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanmoqda.
Davra suhbatida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yakubova yurtimizda xotin-qizlarga va gender tenglikni ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor, ularning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, viloyatda xotin-qizlarni oliy ta’limga qamrab olish darajasini oshirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlarga alohida to‘xtaldi.
Ma’lum qilinishcha, o‘tgan o‘quv yilida viloyat miqyosida 356 nafar xotin-qizning oliy ta’limdan keyingi ta’limda tahsil olishi uchun shartnoma mablag‘lari davlat byudjeti hisobidan qoplab berildi. Qolaversa, 150 nafar kam ta’minlangan oila farzandi bo‘lgan qizlarga bakalavr yo‘nalishidagi tahsil uchun ana shunday imkoniyat taqdim etilgan.
Shoira va jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Dilbar Haydarova ilmning ayol taqdiridagi ahamiyati, olima xotin-qizlarining Vatan taraqqiyotidagi hissasi, universitet olima ayollarining izlanishi xususida samimiy fikrlarini bayon etdi.
– Oliy o‘quv yurtimizda o‘tkazib kelinayotgan startap loyihalar tanlovlari hamda xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborilayotgan yosh olimlar orasida ham ayol-qizlarning sonini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti “Press klub” rahbari Sanjarbek Hamidov. –Bugungi tadbir bu boradagi sa’y-harakatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri