O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan “Umrim falsafasi” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.
Ushbu tadbir doirasida olimaning “Hayot falsafasidan birinchi tomchi”, “Hayotim zarvaraqlari: Hayotim falsafasidan ikkinchi tomchi”, “Aforizm” va “Xalq sevgan sharafli inson” kitoblari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Adabiy tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo bugungi kunda yangilanib borayotgan O‘zbekistonimizda yoshlarni ona-Vatanga muhabbat va sadoqat, fidoyilik g‘oyalari asosida tarbiyalashda katta avlod vakillarining boy tajribasi, tashabbuskorligi, zahmatkashligi, yurtparvarligi muhim omil bo‘layotganini e’tirof etdi.
Ustoz, ma’naviyatimizning faol targ‘ibotchisi Jamila Shermuhammedova mahallalar, harbiy qismlar, ta’lim maskanlaridagi jonli muloqotlar, uchrashuvlarning eng faol ishtirokchisi. Jamila opa mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga yetkazishda doim jonbozlik ko‘rsatib keladi. U uzoq yillar davomida falsafa fani bo‘yicha bir qator ilmiy izlanishlar olib borgan.

Jamila Shermuhammedova 1950 yil 18 iyun kuni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan.
1966-1971 yillarda Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining falsafa fakultetida tahsil olgan. 2004-2016 yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti professori bo‘lgan.

Jamila Shermuhammedova 2000-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi huquqshunos ayollar jamoat birlashmasining ijrochi direktori, 2000-2015 yillarda Toshkent shahar Ishbilarmon va tadbirkor ayollar jamoat birlashmasi maslahatchisi, 2005-2011 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi eksperti vazifasida faoliyat ko‘rsatgan.
2017 yildan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi. Shuningdek, Tadbirkor ayollar uyushmasi a’zosi va maslahatchisi (1991 yildan), O‘zbekiston Respublikasi ishbilarmon ayollar uyushmasi faxriy maslahatchisi (1995 yildan) bo‘lgan.
Tadbirda Jamila Shermuhammedova faoliyati, uning yangi kitoblari xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA