Bo‘stonliq tumanida “XXII asr ilm-fan va biznesdagi ayollar: yutuqlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro forum o‘tkazildi.
“INNOWOMENWEEK-2024” – xotin-qizlarning innovatsion haftaligi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, Koreya Ixtirochilar assotsiatsiyasi prezidenti Kim Soon Sun, hamkor xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan olima ayollar qatnashdi.
Dastlab, olima, doktorant, tadqiqotchi va tadbirkor xotin-qizlarning innovatsion ishlanmalari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Forum ochilishida Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva co‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarni ixtirochilik va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilishda ko‘maklashish, tadbirkorlik faoliyatiga innovatsion yondashuvni joriy qilish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida gapirdi.
Qayd etilganidek, bugun yurtimizda ishbilarmon ayollar safi kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 mingdan oshdi. Iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida ayollar ulushi 46 foizni tashkil etmoqda. Kichik biznes sub’ektlarining 120 mingdan, xususan, fermer xo‘jaliklarining 4 mingdan ortig‘ini xotin-qizlar boshqarmoqda. Kelgusi ikki yilda kichik va o‘rta biznesda xotin-qizlarning ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga oshirish bo‘yicha ulkan maqsad qo‘yilgan.
Prezidentimizning tegishli farmoni bilan joriy yildan boshlab ayollarning kichik biznes va xususiy tadbirkorligini tashkil etish uchun 100 million dollar ajratildi. Joriy yilda xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 130 ming nafardan ortiq xotin-qizlarga 2,5 trillion so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar hisobiga 148 ming 352 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat yo‘nalishida 50 nafar, magistratura uchun 10 nafar xotin-qizlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratilishi yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-19653]
– Ayni paytda Toshkent viloyati bo‘yicha 15 ming nafar tadbirkor xotin-qiz borligi katta ijobiy natijadir, – deydi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva. – Hududdagi oliygohlarda esa 210 nafar ayollar professor-o‘qituvchi, doktorant va ixtirochidir. Aynan ular tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar hozirgi kunda ko‘plab sohalar rivojiga hissa qo‘shmoqda. Bugungi forum doirasida ular faoliyati bilan yana bir bor yaqindan tanishdik.
Tadbir davomida Koreya Ixtirochilar assotsiatsiyasi a’zolarining ham olib borayotgan tadqiqotlari, yangi ishlanmalari taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekiston va Koreya davlatlari olima ayollari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.