Xotin-qizlarning ilm-fan sohasidagi o‘rni va ekologik madaniyatni yuksaltirishdagi rolini oshirish hamda barqaror taraqqiyot yo‘lidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida o‘tkazilgan "Ilm-fan va tabiat muhofazasi: olima ayollarning barqaror taraqqiyotga hissasi" mavzusidagi ma’rifiy-amaliy tadbir ayni maqsadga qaratildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Mohira Xo‘jayeva ma’ruza qilib, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilik tashabbuslari hamda ayollarning ushbu jarayonlardagi faol ishtiroki haqida so‘z yuritdi. Xususan, barqaror taraqqiyotga erishishda ilmiy yondashuv va innovatsion g‘oyalarning ahamiyatini alohida qayd etdi.

Shuningdek, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, kitobxonlik, ijtimoiy faollik va ekologik diplomatiya yo‘nalishi mas’ul xodimi Nilufar Matkarimova yosh avlodni ekologiyaga nisbatan mas’uliyatli qilib tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini oshirish va xalqaro ekologik hamkorlikni kuchaytirishda olima ayollarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. U ilm-fan va tarbiya uyg‘unligi orqali jamiyatda ekologik mas’uliyatni shakllantirish mumkinligini ilmiy misollar bilan asoslab berdi.

Shuningdek, tadbir davomida partiya tomonidan xotin-qizlar bilan amalga oshirilgan ishlar, jumladan, ekologik aksiyalar, ma’rifiy loyihalar va yoshlar ishtirokidagi tashabbuslar haqida ma’lumot berildi. Bu kabi amaliy tadbirlar atrof-muhit muhofazasini ta’minlash hamda jamiyatda ayollar faolligini oshirishga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.
M.Komilova, O‘zA