Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida olima ayollarning o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi.
Olima ayollar, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etgan tadbirda Surxondaryo viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova, universitet rektori Rasul To‘rayev va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda jamiyatimiz gultojlariga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda xotin-qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor va zamonaviy ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar mehnatini qadrlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar xususida fikr almashdi.


– Ilmiy-tadqiqot ishlarini oila yumushlari, farzand tarbiyasi bilan birga olib borayotgan opa-singillarimizning izlanishlarini hamisha yuksak qadrlaymiz, – dedi Z.Xidirova. – Bu ish bejiz igna bilan quduq qazishga barobar, deya qiyoslanmagan. Ana shunday murakkab vazifani zimmangizga olib, turli sohalarda ilmiy yangilik yaratayotganingiz, jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotganingiz bilan faxrlanamiz.


Forumda olima ayollarning ilm-fandagi o‘rni, xotin-qizlarning innovatsion faoliyati, zamonaviy texnologiyalarni egallash imkoniyatlari va viloyatni yuksaltirishdagi hissasi, ilm-fan sohasida izlanish olib borayotgan ayollar nufuzini yanada oshirish va qizlarni ilmiy izlanishlarga keng jalb etish kabi masalalar ham atroflicha muhokama etildi.

Tadbir yakunida bir guruh olima ayollar va faol talabalar rag‘batlantirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri