Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olima ayollar oldida turgan muammo nimada?
14:44 / 2022-04-14

Bugun yurtimizda 500 ga yaqin fan doktorlari, 5000 dan oshiq Falsafa doktori ilmiy darajasi (Phd) uchun izlanishlar olib borayotgan olima ayollar bor.

Ammo ko‘pchiligimiz ularning ixtirolari, yutuqlari, muammolaridan bexabarmiz. Haqiqatan ham olima ayollar bugun qanday izlanishlar olib boryapti?

Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Audiovizual texnologiyalari” kafedrasi professori, Texnika fanlari doktori (DSc), “Shuhrat” medali sohibasi Saida Beknazarova bilan qilgan suhbatimiz ayni shu mavzuda davom etadi.

— Saidaxon, shaxsan siz bugungi kunda qanday ilmiy ishlar, qanaqa yangiliklar olib boryapsiz?

— Hozirda magistlar uchun videolarni qayta ishlash, multpersonajlarni yaratish texnologiyalari, ularni matematik asoslari bo‘yicha dars beryapman. Shu bilan birga, ilmiy izlanishlarga ham qo‘l urganmiz. Uch nafar doktorantim va 5 nafar magistrlarim bor. Hammamiz dasturlarni qayta ishlash, boshqarish bo‘yicha izlanish olib boryapmiz. Oxirgi yillarda Innovatsiya vazirligi bilan bir nechta tanlovlarda qatnashib, grantlar yutib olganmiz. Turli OTM hamda soha korxonalari, ijtimoiy, tibbiyot, ishlab chiqarish sohalari xodimlari bilan ham hamkorlik qilib kelyapmiz. Misol uchun oilalarga sifatli va tezkor ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish uchun mobil ilova yaratish, ekstremal vaziyatga tushgan odamlarda ijtimoiy-tibbiy-psixologik immunitetni shakllantirishning innovatsion texnologiyalari va axborot platformasini yaratish, surunkali yurak yetishmovchiligi bilan xastalangan bemorlarda buyrak disfunksiyasini erta aniqlash va prognozlash uchun raqamli dasturiy mahsulot va mobil ilova yaratish oldimizdan turgan vazifadir.

Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish va ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalarining ta’lim va tarbiyadagi ahamiyati yoritilgan elektron platforma va multimediyali kompleksini yaratish loyihalarini birga bajarganmiz.

— Loyihalarni amalga tatbiq etishda kim moddiy ko‘mak beradi?

– Asosan Innovatsiya vazirligi loyihalarimizga homiylik qiladi. Vazirlik tomonidan ajratilgan grant mablag‘larni yutib olgach, loyihalarimizni shu asosda amalga tatbiq etamiz.

— Izlanishlar ichida eng dolzarb hisoblangan loyihalar qaysi?

— Har bir izlanishlarimizning o‘ziga yarasha ilmiy va amaliy ahamiyati bor. Misol uchun, tibbiyot sohasida bizning hamkasblarimiz nefrologiya, ya’ni buyrak kasalliklari bo‘yicha izlanishlar olib borishyapti.

Shifoxonalarda qo‘llaniladigan mobil ilova yaratganmiz, bunda surunkali yurak yetishmovchiligining klinik mezonlarini aniqlash, kasallangan bemorlarda buyraklar funksional holati buzilishining paydo bo‘lish xavfi, og‘irligi, xarakterining ehtimoliy prognozini ko‘rsatuvchi mezonlarni aniqlash, yurak yetishmovchiligi fonida buyraklar funksional holatining buzilishi bilan kechuvchi holatlarda bemorlarning hayot sifatini va prognozini yaxshilashga yordam beradi. 

Shuningdek, oilalarga ijtimoiy ko‘mak beruvchi mobil ilova yaratdik, unda oilalar va aholining boshqa guruhlarini masofadan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash; ijtimoiy ish sohasi bitiruvchilari va mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalari va bilimlarini oshirish; ijtimoiy ko‘mak va yordam ko‘rsatadigan amaliy mutaxassislarning yagona onlayn ma’lumotlar bazasini yaratish; oilaviy muammolarning oldini olish, shuningdek, oilalar uchun individual reabilitatsiya dasturini amalga oshirishda yordam berish; ijtimoiy xizmatlar sohasidagi imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berish orqali aholining axborot savodxonligi, huquqiy savodxonligi, ijtimoiy-madaniy bilimlari darajasini oshirish kabi masalalar o‘z ichiga qamrab olingan.

Yana ekstremal vaziyatga tushgan odamlarda ijtimoiy-tibbiy-psixologik immunitetni shakllantirishning innovatsion texnologiyalari va mobil axborot platformasi yaratilgan. 

— Yevropa ilmiy-ishlab chiqarish konsorsiumining unvonlar va taqdirlash departamenti hulosasiga binoan “Isaak Nyuton” («Isaac Newton») medali bilan taqdirlangansiz? Bu aynan qaysi ilmiy izlanishlaringiz uchun berilgan?

— Ilmiy tadqiqod ishlarda faollik, chiqarilgan maqolalar, darsliklar, monografiyalar, taqdim etilgan loyihalar uchun.

— Ko‘proq qaysi xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilasiz?

— Koreya, Singapur va Malayziya davlati bilan birgalikda izlanishlar olib boryapmiz. Har doim konferensiya, simpoziumlar o‘tkazamiz, fikrlar almashamiz. Universitetda ishlash bilan birga jamoatchilik ishlarida ham faolman. Ixtirochi ayollar assotsiatsiyasida ham faoliyat yuritaman. Ishlab chiqarish, tibbiyot sohasida, texnologiyalar sohasi bo‘yicha o‘zlarini ishlanmalarini olib borishadi. Faqatgina oxirgi 2-3 yil ichida pandemiya sababli xorijga chiqolmay qoldik. Nasib bo‘lsa bu yildan yana hamkorligimizni yo‘lga qo‘yamiz. Bundan tashqari, Polsha, Varshavada bo‘lib o‘tgan ikkinchi Yevropa ayollar konferensiyasida ishtirok etganman. Anjuman xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va katta muhandislik sohasidagi salohiyatini namoyish etishga qaratilgan bo‘lib, tadbirda dunyoning texnologik va ijtimoiy kelajagi va ayollarning ushbu sohalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi haqida munozaralar bo‘lib o‘tgan. Anjunmanda Google, ABB, Facebook, Ericsson, McKinsey & Company, Tomtom, Intel, 3m, Dell va boshqa taniqli xalqaro kompaniyalarning vakillari bilan muhokamalar, uchrashuvlar va taqdimotlarda qatnashdim. Bundan tashqari, IT-mutaxassislari menejment, biznesni rivojlantirish, bank tizimi va xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha seminarlarda ishtirok etdim.

— Eng oxirgi yillarda bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan ixtironi qaysi ayol yaratdi?

— Har bir ixtironing o‘zini xususiyati bor. Izlanuvchan, yangilik yaratayotgan ayollarimiz soni juda ko‘p. Ulardan eng ijtimoiy hayot uchun dolzarb ahamiyatga ega ixtirolarni sanab o‘tadigan bo‘lsam Farog‘at Matyoqubovani nomini tilga olishim mumkin. Farog‘at opa charm mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha yangi texnologiya yaratdi. Undan tashqari Ayti yo‘nalishi bo‘yicha dasturiy ta’minotlar yaratildi. Yaratilayotgan har bir yangi texnologiya hayotimizni yengillatishga hissa qo‘shadi. Masalan: oxirgi ishlanmalardan biri Fanlar akademiyasining doktarantlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston florasida uchraydigan 34 lola turlari haqida batafsil ma’lumotlarni qamrab olgan mobil ilova tayyorladik. Bunda, har bir lola turi uchun uning ilmiy nomi, ilk tavsifi, nomenklaturaviy tipi, tashqi morfologik tavsifi, gullash va mevalash davri, ekologiyasi, umumiy tarqalishi, O‘zbekiston botanik-geografik rayonlari bo‘ylab tarqalishi va GAT xaritasi, raqamli tasviri, kamyoblik maqomi, etimologiyasi va zarur holatlarda qisqacha izohi keltirilgan. Ilova kelajakda ilmiy nuqtai nazardan lolalar ustida olib boriladigan mahalliy va xalqaro tadqiqotlar uchun foydali manba bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, mazkur ilova o‘simliksevar sayyohlarga O‘zbekiston lolalari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar manbai bo‘lib, respublikamizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Shuningdek, O‘zbekiston aholisining ham lolalar to‘g‘risida bilimining ortishi va ularning muhofazasi naqadar zarurligini anglash uchun xizmat qiladi. Ushbu ilova O‘zbekistonda tarqalgan lolalar bo‘yicha yaratilgan dastlabki elektron mahsulot bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti "O‘zbekiston florasining polimorf o‘simliklar oilalarini taksonomik tahlili" (FZ-20200929321) davlat ilmiy-tadqiqot loyihasi va 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan "O‘zbekiston florasini to‘r tizimli xaritalash" Davlat dasturlari doirasida yaratilgan. 

— Aynan hozir o‘zingiz qanday ishlar bilan bandsiz?

— O‘zim hozir ko‘proq shogirdlarim bilan ishlayapman. Ularning izlanishlari turli tanlovlarda yaxshi o‘rinlarni olyapdi. Ilmiy maqolalari xorij jurnallarida chop etilyapdi. 4 nafar iqtidorli talaba “Beruniy” nomidagi,12 nafari “Muhammad Al-Xorazmiy” nomidagi Davlat stipendiyalar, 7 nafari “O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” stipendiyasi sovrindorlari bo‘lishdi. 

3 amaliy loyiha rahbari va 13 amaliy, innovatsion loyihalar ishtirokchisiman.

YUNESKO tashkilotining dasturiy bo‘linmasiga qarashli, Jahon fanlar akademiyasi (TWAS) qoshidagi dunyoni rivojlantirishga qaratilgan “Fandagi ayollar xalqaro tashkiloti” (OWSD) a’zosi. O‘zbekiston “Olima” xotin -qizlar uyushmasi qoshidagi “Yosh olimalar akademiyasi” raisi, “Ixtirochi ayollar” NNT qoshidagi “Dasturchi qizlar” xarakatining rahbariman.

Koreyada o‘zimni ishlanmam bo‘yicha birinchi o‘rinni oldim. Media-mutaxassislar, media-ta’lim va media savodxonlikning asosiy asoslarini bilish va tushunchalarini shakllantirishni ta’minlaydigan mobil ilova taqdim etilib, ushbu mobil ilova yordamida foydalanuvchilar OAV bo‘yicha birlamchi ma’lumotlar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar, media matnlarni tanqidiy idrok etishni o‘rganadilar. Malayziyada o‘tkazilgan konferensiyada mening maqolam “Eng yaxshi maqola” nominatsiyaga ega bo‘ldi. Maqola mavzusi “Filtering of digital images by the convolution method with a pulse characteristic in the spectral region” (Raqamli tasvirlarni konvolyutsiya usuli bilan spektral sohada impuls xarakteristikasi bilan filtrlash), unda televizion tasvirlarning sifat darajasini oshirish, filtrlash jarayonlarini modellashtirish usullari va bir qator ustuvor yo‘nalishlarda yuqori samarali boshqaruv tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilishi, jumladan: filtrlash jarayonlarining matematik modellarini shakllantirish, to‘lqin, Fure, Xaar, Uolsh-Hadamard, Karxunen-Loyev chiziqli va chiziqli bo‘lmagan differensial tenglamalar asosida tasvirlarning ravshanligi va yorqinligini oshirishda algoritmlar va dasturiy ta’minot yaratish masalalari ko‘rib chiqilgan.

— Olima ayollar oldida turgan eng katta muammo nimada?

— Oliy ma’lumotli universitetlarni bitirayotgan ayollar soni kundan kunga ortib bormoqda. Ammo ayollarimiz hamon tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika (Science, Technology, Engineering and Mathematics, STEM) sohalarida salmog‘i kamroq. Shuning uchun yosh qizlarimizni maktab, kollej davridayoq aynan fanlarga, ilmga qiziqtirish, ularni ilmiy tadqiqot ishlarga yetaklash muhim hisoblanadi va albatta ularga oilada, jamiyatda, ham ma’naviy, ham moddiy sharoitlar yaratib berish lozim.

— Istaymizmi, istamaymizmi o‘zbek ayolini olimalikdan ko‘ra oilasida bajaradigan yumushlari juda ko‘p. Shu sababli juda ko‘p ayollar iqtidorini namoyon eta olmay qolishadi. Siz buni qanday uddalayapsiz?

— Ikki nafar farzandim bor. O‘zim hamma ayollar qatori oddiy oilaning keliniman. Baxtim shundaki yangi kelin bo‘lgan paytlarim qaynona-qaynotam meni ma’naviy jihatdan qo‘llab ilmiy ishimni davom ettirishimda yordam berishgan. Farzandlarimni katta qilishdi. Hozir qizim ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiydi. Undan tashqari sport bilan shug‘ullanadi. O‘g‘lim ham doimo o‘qish, o‘z ustida ishlash bilan band. Demoqchimanki, agar odam har bitta narsaga vaqtini to‘g‘ri taqsimlasa hamma narsaga erishadi. Va eng asosiysi oilada hamma o‘zini vazifasini bajarishi kerak. Bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘linsa, o‘sha oiladagi odamlarning hayotida o‘sish bo‘ladi.



Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA