Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olima ayol – millatning oltin fondi
11:48 / 2022-02-12

O‘zbekiston respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida zamonaviy bilim va iste’dodga, yetakchilik qobiliyatiga ega, el-yurtimiz uchun fidoyi xotin-qizlarimiz – xalqimiz, millatimizning oltin fondi, deya yuksak baholagan edi.

Darhaqiqat, ilmli ayol har qanday jamiyatning qudratli resursidir. Ilm-fan bilan shug‘ullanadigan kishi, u yoki bu tarzda, umr yo‘lini bag‘ishlagan sohasiga muayyan ma’noda o‘z hissasini qo‘shadi. Agarki, u olima bo‘lsa,  u qo‘shgan  hissaning qiymati  alohida o‘lchamga egadir. Nega deganda, ilmu  irfonda ayol kishining bo‘lishi ko‘p qirrali fenomendir.  Boisi, ilmiy kashfiyot yoki yutuqning qiymati asosan erkaklardan tashkil topgan ilmiy jamoatchilik tomonidan baholanadi. Shunday ekan, ilm-fanda intellektual lider bo‘lish ayol qishi uchun oson ish emas.

Har yili 11 fevralda nishonlanadigan Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni  Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan ayollar va qizlarning ilm-fandan to‘liq va teng foydalanishi hamda ishtirok etishini rag‘batlantirish maqsadida qabul qilingan. Ushbu kun ayollar va qizlar fan va texnologiyalar sohasida  muhim rol o‘ynashini va ularning ishtirokini kengaytirish kerakligini eslatadi.

Ayollar va qizlarning ilm-fandagi rolini nafaqat benefitsiar, balki o‘zgarishlar bunyodkori  sifatida ham e’tirof etib, jumladan, ilm-fan olamidagi jadal taraqqiyotni hisobga olgan holda, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Oliy Majlis Senatining Xotin qizlar va gender masalalari qo‘mitasi va Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda “Yosh ayol-qizlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish: ilg‘or tajriba va istiqbollar” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad olima ayollarning ilmiy sohadagi ilg‘or tajribasi va yutuqlari bilan yaqindan tanishish, yosh xotin-qizlarni ilmiy-tadqiqot jarayonlariga qamrov darajasini yanada kengaytirishga qaratilgan amaliy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iborat edi. Shuningdek, ushbu xalqaro forum yosh olimalarning ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova ilm-fan va ta’lim sohasida ayollar kuni muhim tarixiy sana ekanligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan barcha sohalarda, xususan fan sohasida ham ayollar ulushini ko‘paytirishga qaratilgan salmoqli huquqiy baza yaratilganligi alohida e’tirof etdi.

Jumladan, jamiyat hayoti va faoliyatining siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini ta’minlashga qaratilgan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish Strategiyasining mazmun mohiyati haqida batafsil ma’lumot va izoh berib o‘tdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova bugungi olimalarimiz ayollarga xos hisoblanmagan fan sohalari – biotexnologiya, fizika va matematikada ham o‘z ilmiy salohiyatini muvaffaqiyatli namoyon qilib kelayotganliklarini alohida ta’kidladi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan samarali siyosatning mahsulidir.

Xususan, so‘nggi yillarda  respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-ta’lim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning innovatsion g‘oya va ratsionalizatorlik ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan tashabbuskor loyihalar natijalari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari, real ehtiyojlari hamda hududiy muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy hajmdor mahsulotlar va innovatsion texnologiyalarni yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Olima ayollar grantlari” tanlovi e’lon qilingan.

Shuningdek, O‘zbekiston ayollari “Womentech”, “Techno girl” kabi xalqaro ilmiy loyihalarda faol ishtirok etib kelayotganligi e’tiborga loyiq holatdir. Negaki, ayol va qizlarni STEM fanlariga kengroq jalb qilish, ularning  jahon ilmiy hamjamiyatiga qo‘shilishi nihoyatda zarur va dolzarb masaladir.

Olimalar yosh ayol-qizlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etishning mexanizmi, bugungi holati, mavjud muammolar, istiqbollar va mamlakatlarining bu boradagi tajribalari xaqida fikr yuritdi.

Xalqaro anjumanning yakuniy rezolyutsiyasida yosh olima va qizlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga jalb etishning ilg‘or xalqaro tajribasini  o‘rganish,  maqbul shakllarini amaliyotga joriy qilish, ilmiy yutuq va natijalarni qo‘lga kiritayotgan yosh olimalarning ko‘rgazma yoki festivallarini tashkil qilishi va ularni rag‘batlantirish, tadqiqotchilik faoliyatlarini media makonda keng yoritib borish, yosh olimalarning xalqaro ilmiy maydonda tanilishi uchun xorijiy ekspertlar bilan virtual  uchrashuvlar va forumlar tashkil qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.      

Ayni paytda respublikamizda ayol va qizlarga o‘z bilim va salohiyatlarini  namoyon qilish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash 2022 – 2026  yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning  taraqqiyot strategiyasida (69-maqsad) ham o‘z aksini topgan va xotin-qizlarning ta’lim olishiga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning o‘rnini yanada oshirishni maqsad qilib belgilagan.  

Zero,  Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining yuksalishi ilm-fan rivojiga bog‘liq. Bu o‘z navbatida ilm-fan sohasida izlanishlar olib borayotgan ayol va qizlar zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.

Iroda SHAMSIEVA, 
Toshkent davlat sharqshunoslik 
universiteti dotsenti,
Tarix fanlari nomzodi.
O‘zA