Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘lim jazosini taqiqlash Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks etmoqda
15:48 / 2022-06-23

Avval xabar berganimizdek, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda muhokama qilinmoqda.

 “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibidagi asosiy masala ham ushbu qonun loyihasi bo‘ldi.   

Muhokamalarda so‘z olgan fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasi asosan xalqimiz tomonidan bildirilgan takliflar asosida tayyorlanganini,  Konstitutsiyaning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilayotganini, bu esa barcha sohada olib borilayotgan jadal islohotlarning bardavomiyligini ta’minlashini qayd etdilar. 

Qonun loyihasida O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, “Inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, unga rioya etish, uni himoya qilish hamda kafolatlash jamiyat va davlatning burchi”, “inson va fuqaroning huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi” ekanligi belgilanmoqda. 

Fraksiya a’zolari inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlash yanada kuchaytirilayotganini e’tirof etgan holda o‘lim jazosi taqiqlanayotgani, ushlab turishga, hibsga olishga va hibsda saqlashga yoki erkinlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga binoan yo‘l qo‘yilishi kabilar mustahkamlanayotganiga alohida e’tibor qaratdilar.

Shuningdek, shaxsning sudlaganligi uning qarindoshlari uchun huquqiy ahamiyatga ega emas va ularning huquqlarini cheklovchi huquqiy oqibatlarga yo‘l qo‘yilmasligi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan mustahkamlanayotganini yuqori baholadilar. Deputatlarning fikricha,  mazkur normalar inson qadr-qimmatini, sha’nini himoya qilishga, huquq va erkinliklarini ishonchli va mustahkam ta’minlashga xizmat qiladi.  

Bundan tashqari, qonun loyihasida fuqarolarning malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga, sog‘lom tabiiy muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashning konstitutsiyaviy mexanizmlarini yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Bu esa inson salomatligiga, millat hayotining davomiyligini ta’minlashga, uning genofondini saqlashga xizmat qiladi. 

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari tomonidan fikr-mulohaza va takliflar bildirilib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish, targ‘ib qilish hamda qo‘shimcha takliflarni o‘rganish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA