English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olim Hikmatov: Parij olimpiadasiga tayyorgarlik allaqachon boshlangan
13:23 / 2021-08-29

O‘zbekiston erkin kurashchilarining xalqaro sport maydonlaridagi g‘alabali odimlari uzoq tarixga borib taqaladi. Ayniqsa, mamlakatimizda erkin va yunon rum kurashlari bo‘yicha jahon chempionatlari, qit’a birinchiliklari kabi nufuzli musobaqalarning o‘tkazilishi, “Mustaqillik kubogi” kabi turnirlarning tashkil etilishi iqtidorli sportchilarni kashf etishda o‘ziga xos maktab bo‘ldi.

E’tiborli jihati, erkin kurashchilarimiz 2000 yildan e’tiboran biror-bir olimpiya o‘yinidan medalsiz qaytmagan. Erkin kurashchilarimiz yetakchilari bo‘lgan Dilshod Mansurov, Adham Achilov, Damir Zahardinovning o‘rniga bugungi kunda bir qator iqtidorli yoshlar yetishib chiqdiki, yurt g‘ururi uchun bellashayotgan sportchilarimiz munosib natijalarga erishib kelmoqda.

Tokio olimpiadasidan erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonovning yurtimizga bronza medalini olib kelganligi o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Xo‘sh, yurtimiz kurashchilari uchun 2024 yilgi Parij-2024 o‘yinlariga hozirlik ishlari boshlandimi? Joriy yilning 4-11 sentyabr kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan 1-MDH o‘yinlarida sportchilarimizdan qanday natija kutiladi va terma jamoadagi o‘zgarishlar xususida erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi Olim Hikmatov bilan suhbatlashdik.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Tokio olimpiadasida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvda XXXIII yozgi olimpiya o‘yinlarini tahlil qilgan holda Parij olimpiadasida munosib ishtirok etish bo‘yicha murabbiy va mutaxassislar oldiga aniq vazifalarni qo‘ydi. Bu borada erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasida qanday o‘zgarish va yangiliklar rejalashtirilmoqda?

– Haqiqatdan ham Prezidentimiz olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari bilan uchrashuvda sportchilarimizning erishgan natijalarini yuqori baholash bilan bir qatorda, qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarni ko‘rsatib o‘tdilar. Ochig‘i, uchrashuv biz kutganimizdan ham yuqori darajada o‘tdi. Murabbiylik ishimizni olib borishda juda katta ruhiy quvvat oldik.

Hozirda O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbariyati tomonidan Parij olimpiadasida munosib qatnashish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi, sportchi-murabbiylarga mashg‘ulot va musobaqalarda qatnashishimiz bo‘yicha zarur sharitlar yaratilyapti. Aynan terma jamoa haqida gapiradigan bo‘lsam, xabaringiz bor, Tokio olimpiadasida 4 nafar sportchi bilan qatnashdik. Ikki sportchimiz mahalliy va ikki nafari legioner. Mahalliy sportchilarimiz to‘liq ishonchni oqladi. Legionerlarimizga omad kulib boqmadi, deyish mumkin.

– Murabbiylar tarkibida o‘zgarishlar qilinyaptimi?

– Tarkibimizda u qadar katta o‘zgarish bo‘lmaydi, lekin kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Xabaringiz bor, ayollar sport kurashida xalqaro musobaqalarda ko‘zlangan natijalarga erisha olmayapmiz. Shu boisdan ayollar sport kurashi bo‘yicha tajribali mutaxassislarning taklifiga binoan erkin kurash bo‘yicha jahon chempionatlari g‘olibi, qit’a chempioni Adham Achilov bosh murabbiy, tajribali mutaxassis Nurlan Jaksalikov esa unga yordamchi murabbiy etib tayinlanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yoshlar terma jamoasining katta murabbiyligiga esa O‘zbekiston erkin kurashining faxri Dilshod Mansurov nomzodi ko‘rib chiqilmoqda.

– Bilamizki, sport kurashlarida ko‘pincha legionerlar, ya’ni rossiyalik kurashchilar O‘zbekiston terma jamoasiga jalb qilinadi. Bu masala keyingi xalqaro musobaqalarda qanday bo‘ladi?

– Kuchli sportchilar terma jamoamizga hamisha kerak. Dunyo sporti legionerlar xizmatidan hamisha foydalanib keladi. Albatta, samara bersagina foydalanish kerak. Masalan, Artur Taymazov to‘rtta olimpiadada O‘zbekistonga medallar olib bergan. Bu katta natija. Ammo keyingi yillarda bu tajriba u qadar samara bermay qo‘ydi. Legioner sportchilar masalasini hatto davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham yig‘ilishda alohida ta’kidladilar. Shu ma’noda, sport kurashlarining tajribali mutaxassis va mutasaddilarining maslahatini olgan holda bu masalani alohida o‘rganib chiqamiz. Lekin asosiy e’tibor so‘zsiz o‘zimizning mahalliy sportchilarga qaratiladi. Mana, 4-11 sentyabr kunlari Qozonda o‘tkaziladigan MDH o‘yinlarida faqat mahalliy sportchilardan iborat bo‘lgan tarkib bilan qatnashamiz.

– MDH o‘yinlarida necha nafar erkin kurashchi qatnashadi va ulardan qanday natijalar kutilmoqda?

– Birinchi marta o‘tkaziladigan MDH davlatlari o‘yinlarida to‘liq tarkib bilan qatnashamiz. Bu o‘yinlar sportchilarimiz uchun o‘ziga xos sinov bo‘lsa, biz murabbiylar uchun kurashchilarimizning texnik-taktik holatini keyingi olimpiada sikli uchun nazoratdan o‘tkazib olishimizga qo‘l keladi. Musobaqa oldidan natijalar xususida gapirish noo‘rin nazarimda. Albatta, har bir shogirdimiz yutishini istaymiz. Boshqa davlatlar ham g‘olib chiqish uchun musobaqaga keladi. Lekin aminmanki, Qozon musobaqalarida sportchilarimiz shohsupadan joy oladi. Buning uchun imkoniyatimiz ham, sportchilarimizning salohiyati ham yetarli.

– Aynan kimlarga ishonch bildirilmoqda?

– Ishonchli va umidli sportchilarimiz bir talay. Masalan, 2018 yilgi o‘smirlar olimpiadasi sovrindori Muhammadrasul Rahimov va Tokio olimpiadasi ishtirokchisi G‘ulom Abdullayev Qozon musobaqalarida munosib ishtirok etishini kutyapmiz. Xuddi shuningdek, endigina xalqaro musobqalarda qatnashayotgan bir qator yoshlarimiz ham borki, ular Qozonda o‘z iqtidorini namoyish qilishi kerak.

– Parij olimpiadasida qatnashadigan tarkibni aniqlash ishlari qachon boshlanadi?

– Tokio bahslari yakunlangan kundan bu ishga kirishganmiz, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Qozonda o‘tadigan MDH o‘yinlari, joriy yilning oktyabr oyida Norvegiyaning Oslo shahrida bo‘ladigan jahon chempionati va kelgusi yil o‘tkaziladigan yozgi Osiyo o‘yinlari va boshqa xalqaro turnirlar jarayonida Parij olimpiadasining yo‘llanmalari uchun kurashadigan sportchilar tarkibi aniqlanadi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va sport kurashlari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tgan yili Parij-2024 va Xanchjou-2022 o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish strategiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, shu asosda kengaytirilgan sportchilar tarkibi va o‘quv-mashg‘ulotlar, musobaqalar dasturi yaratilgan. Hozirda mazkur “Yo‘l xaritasi” asosida ish olib boryapmiz.

– Tokio olimpiadasida qatnashgan har bir sportchining ishtiroki bo‘yicha tahlil o‘tkazildimi?

– Nafaqat har bir sportchi, balki murabbiy va mutaxassislarning faoliyati ham chuqur tahlil etilmoqda. O‘ylaymanki, tahlillarning xulosasida qabul qilinadigan qarorlar o‘z samarasini ko‘rsatadi. Bu esa, Parij olimpiadasida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, jonajon Vatanimiz nomini Yevropa kurash maydonlarida yanada ulug‘lashimizga amaliy yordam beradi.

O‘zA muxbiri To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.