“O‘likjon” xodimlar nomiga 983,5 mln so‘m ish haqi hisoblangan
Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati Zangiota tuman bo‘limi xodimlari hamkorlikda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida byudjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.
O‘tkazilgan tekshiruv natijasida maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori tomonidan 2014-2020 yillar mobaynida 37 nafar shaxsni turli lavozimlarga rasmiylashtirib, ular haqiqatda ishlamagan bo‘lsalar-da, “o‘likjon” xodimlar nomiga 983,5 mln so‘m ish haqi hisoblanib, plastik kartalar orqali noqonuniy hisobdan chiqarilgan.
O‘zA