Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Majlisda onlayn ishtirok etgan senator Mahmud Toirov ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘lar yildan-yilga oshib borayotganini, xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim sohalariga ham kelgusi yilda katta mablag‘lar yo‘naltirilayotganini ta’kidlab, ayrim muammolarga to‘xtaldi.
– Ijtimoiy sohadagi tashkilot va muassasalarga har yili katta mablag‘lar yo‘naltirib borilmoqda. Ammo, ushbu sohalarda byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishda ayrim muammolar mavjud, korrupsiya holatlari hamon uchrab turibdi, ortiqcha shtat birliklarini joriy etish, amalda yo‘q bo‘lgan —“o‘lik” xodimlarga ish haqi to‘lash kabilarga ortiqcha xarajatlar sarflanmoqda. Bularning oldini olish, korrupsiyani bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda, – deya mutasaddilarga murojaat qildi senator.
Bunga javoban moliya vaziri Timur Ishmetov haqiqatan ham bu borada muammolar saqlanib qolayotgani, afsuski, “o‘lik” xodimlarga ish haqi to‘lash kabi holatlar haqiqat ekanligini ta’kidlab, byudjetdan ortiqcha mablag‘lar sarflanishining oldini olish borasida muayyan ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
– Jumladan, ijtimoiy soha vazirliklari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Kelgusi yil aprelga qadar raqamlashtirish, integratsiya qilish ishlari tugatiladi, – dedi moliya vaziri.
Muhtarama Komilova,O‘zA