Yangilangan Konstitutsiyamizning 47-moddasida uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi belgilangan.
Bundan tashqari, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda kompensatsiya to‘lovlarini to‘lash tartibi, muddati va hajmini aniqlash mexanizmlari batafsil aks etgan.

Ammo shunga qaramay, so‘ngi vaqtlarda mahalliy hokimliklar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari uchun kompensatsiya to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lanmasligi holatlari yuzaga kelmoqda. Turli bahonalar bilan mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazilayotgani va boshqa shu kabi nojo‘ya harakatlar haqida ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.
Shu bois O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Sharofutdinov Toshkent shahar hokimiga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari egalariga kompensatsiya to‘lashda vujudga kelayotgan qonun buzilishi holatlari yuzasidan deputatlik so‘rovi yubordi.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlari vakillarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bu kabi holatlarga huquqiy baho berilishi maqsadga muvofiqdir. Zero, mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.
M.Komilova, O‘zA