French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Olgin navoiydan madad...”
12:33 / 2021-02-02

“Dunyoda so‘zning sehrli kuchi bilan odamni, xususan, yoshlarni tarbiyalayman, o‘zgartiraman, uning hayotiga yangi ma’no kiritaman”, deb qat’iy ishongan ikki sohibi qalam bo‘lsa – biri, bordi-yu, bunday ijodkor yakka-yagona bo‘lsa – shu Alisher Navoiy...

Bu buyuk shoirimizning yoshlarga aloqador bo‘lmagan asari bormikan o‘zi?..” deya ta’kidlanadi navoiyshunos Sultonmurod Olimning “Navoiy – yoshlarga” kitobining annotatsiyasida.

Zero, biz XXI asr O‘zbekiston aholisi, shunday baxtli avlodmizki, hayotning hamma sohasida bizga mayoq bo‘ladigan donishmand ajdodlarimiz, ulardan meros bo‘lib qolgan bitmas-tuganmas xazinalarimiz bor. Hamma gap shundaki, bu ulkan xazinadan har kim o‘z quvvai hofizasiga ko‘ra bahramand bo‘ladi. Ha, hamma gap mana shunda. Buni soddaroq qilib shunday tushuntirish mumkin: qarshimizda har turli qudratli texnikalar (oddiy mashinadan tortib, eng zamonaviy uchoqlargacha) turgan va ulardan bemalol foydalanish imkoniyati berilgan bo‘lsa-yu, biz boshqarishni bilmasak, bu imkoniyatdan foydalana olmay, mo‘’jizalar qarshisida lol bo‘lib turaveramiz. Buyuk Tangri tomonidan insoniyatga tuhfa etilgan hazrat Mir Alisher Navoiydan qolgan merosni ham aynan mana shunday ulkan ummonga, beqiyos xazinaga, cheksiz imkoniyatga qiyoslash mumkin. Ammo hassos adibimiz Abdulla Qahhor tomonidan ramzli qilib aytilgan quyidagi purhikmat fikrlarni aynan Navoiy ummonidan foydalanish masalasiga nisbatan ham aytish mumkin: “Buxoroi sharifning har bir g‘ishti ilm, har bir toshi hikmat. Ammo xazinaga kirgan mushuk zarga qaramaydi – sichqon ovlaydi...”  

Prezidentimizning “Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini aynan mana shu g‘aflatdan uyg‘onishga, o‘zlikni anglashga, ma’rifatga da’vat deb qabul qildik.  

“Ilm olish – beshikdan to qabrgacha” deyilganidek, har kuni, har soat muttasil izlanmasak, o‘qimasak hayotdan, zamondoshlarimdan orqada qolib ketayotganday bo‘lamiz. Biz o‘qiydigan, deyarli har kuni qo‘limizga olishimiz kerak bo‘lgan kitoblarning oldingi safida Aisher Navoiy asarlari turishi lozim.  

Alisher Navoiyning 2006 yili Toshentdagi “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan nashr etilgan “Hikmatlar” kitobi sahifalarini bir-bir varaqlaymiz:

Kishi aybing desa, dam urmag‘ilkim, ul erur ko‘zgu,

Chu ko‘zgu tiyra bo‘ldi, o‘zga aybing zohir aylarmu?  

“Hikmatlar” kitobining 83-sahifasidan o‘rin olgan bu baytning tagiga shunday izoh berib qo‘yilgan: “Aybingni ko‘rsatuvchi kishiga dam urma (qattiq gapirma), chunki ul oynadir. Oyna dam urish bilan xiralangach, boshqa aybingni ko‘rsatolmaydigan bo‘lib qoladi”.  

Kitobda yoshlik va salomatlik haqida ham bir talay ibratli hikmatlar berilgan. Yoshlikni qadrlashning eng muhim shartlaridan biri – bu, vaqtni bexuda o‘tkazmaslik, muttasil ilm olish bilan mashg‘ul bo‘lishlikdir:

Yigitlikda yig‘ ilmning maxzanin,

Qarilik chog‘i xarj qilg‘il ani.

Ya’ni: Yoshlikda ilm xazinasini yiqqin, qarigach sarf qilgin.  

“Hikmatlar”da ota-onaga xizmat qilishni odat etgan farzand bu odati bilan saodatga musharraf bo‘lishligi, kim ota-onasini behad hurmat qilsa, farzandlaridan ham shunday hurmat qaytishligi alohida ta’kidlangan:

Farzand ato qullug‘in chu odat qilg‘ay,

Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay.

Har kimki, atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay,

O‘g‘lidin anga bu ish siroyat qilg‘ay..

Kattalarga xizmat qilish barobarida kichiklarni ham esdan chiqarmaslik, ya’ni ularni ham qo‘llab-quvvatlab, mehr-shafqat ko‘rsatib turish lozimligi haqida kitobda shunday bayt bor:

Kimki ulug‘roq, anga xizmat kerak,

Kimki kichikroq, anga shafqat kerak..  

Inson salomatligi nimalarga bog‘liqligi haqida ham Navoiydan bir talay javoblar olish mumkin:

Sihat ar xohi makun mayli taom,

To naboshad ishtihoi g‘olibat.

Lek boyad dast az o‘ vaqte kashi

Ki ba xo‘rdan nafs boshad tolibat.

Ya’ni: Agar sihat tilasang, ishtahang ochilmay turib, ovqatga mayl ko‘rsatma. Lekin ovqatga o‘tirganingda ham yeging kelib turgan holda, undan qo‘l tortgan ma’qul.  

Alisher Navoiyning fikriga qaraganda, inson salomatligiga ta’sir etuvchi eng kuchli vositalardan biri – bu, so‘zdir:

So‘zdin kishiga g‘amu balo hosilidur,

Har nukta tili desa, balo doxilidur..  

Shuning uchun gapirib foyda qilmagan kishi sukut saqlagani ma’qul:

So‘z bila naf’ o‘lmasa ey peshasi,

Yaxshi kerak ko‘ngluda andeshasi..

Kitobni varaqlaganingiz sari, sizni qiynayotgan har turli hayotiy savollarga: ilm yoki yoshlikning qadriga yetish deysizmi, mol-dunyo yig‘ish, hamma narsada me’yorni bilish, iffat va hayo, ota-onaning, salomatlikning qadriga yetish masalasi deysizmi... birma-bir javoblar topaverasiz. Faqat buning uchun sizda Navoiyni tushunish, anglash iqtidori bo‘lsa bas.  

Zamondosh ustoz shoirimiz Iqbol Nazariyning yoshlarimizni buyuk bobokalonlarimizning bitmas-tuganmas, beminnat so‘z quvvatidan muttasil bahramand bo‘lib turishlikka da’vat etuvchi to‘rtligi bilan fikrimizga xulosa yasaymiz:

Olgin Navoiydan madad,

Jomiyni sevgil beadad,

Sehri Fuzuliy toabad,

Nutqing ravon bo‘lsin, bolam!..

 

Siddiq MO‘MIN,

Farg‘ona davlat universiteti professori,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi