Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olga Shpilyovskaya: O‘zbekistonda dunyoga o‘rnak bo‘layotgan ayollar bisyor
16:17 / 2024-10-23

Toshkent shahrida joylashgan “Renessans Hall” majmuasida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yangi O‘zbekiston: gender tenglik siyosati” mavzusida sessiya tashkil etildi.

Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning sohaga mas’ul vakillari ishtirok etgan konferensiyaning asosiy maqsadi xotin-qizlar imkoniyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini mustahkamlash va bugungi kunda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi davlatimiz siyosati mazmuni, islohotlarning mamlakat ayollari hayotiga amaliy ta’siri va xalqaro harakatdagi hissasini jahon hamjamiyatga yetkazishdan iborat.

Xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlarning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlat tashqi va ichki siyosatining ustuvor vazifalari to‘g‘risida fikr bildirdi.

Olga Shpilyovskaya, “Belarus ayollari ittifoqi” jamoat birlashmasi rahbari:

– O‘zbek ayollari dunyo ayollariga o‘rnak bo‘lmoqda. “Ayol dunyoni qutqaradi”, deyishadi. Mutaxassis sifatida O‘zbekistonda xotin-qizlar masalasi, jumladan ularning haq-huquqini himoya qilish, jamiyatdagi rolini oshirishga alohida e’tibor qaratalayotganiga guvohman. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning oqilona siyosati natijasida har ikki mamlakatda ayollar mavqei ortib borayotgani quvonarli.

O‘zbekistonga uchinchi bor kelishim. Mamlakatda e’tirofga arziydigan yutuqlar ko‘p. Masalan, yurtingizda tug‘ilish darajasi yuqori, ayollar Belarusga nisbatan ko‘p farzand ko‘radi. Men har doim o‘zbek ayollari hayotini ko‘rib-o‘rganish uchun o‘zaro turizmni rivojlantirish zarurligini ta’kidlayman. Minskda tadbirkorlikka e’tibor kuchli, bu yerda ham shunday. Yana bir jihat: O‘zbekistonda qizlar ta’lim olishi uchun keng sharoit yaratilgan. Masalan, oliy o‘quv yurti bilan shartnoma puli davlat tomonidan qoplab berilishini Belarus ham qo‘llashi kerak. Umuman, ikki mamlakat xotin-qizlari hamkorligi mustahkamlanishi tarafdoriman.

Noha Ahmad Fathiy Ahmad Zakiy, Misr Senati Energetika, atrof-muhit va ishchi kuchi qo‘mitasi kotibi:

– Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi ayollar muloqoti, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qilayotganini yuqori baholayman. Keyingi yillarda Misrda Konstitutsiya darajasida gender sohasi islohotiga yondashuv ko‘lami ortdi. O‘zbekiston ham me’yoriy hujjatlar asosida ayollar huquqini ta’minlash yo‘licha katta qadamlar tashlamoqda. Misrning 2030 yilgacha mo‘ljallangan davlat dasturida xotin-qizlar imkoniyatini kengaytirish, uloarga munosib sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi ham bu boradagi tizimli islohotni nazarda tutadi. Kuzatuvim natijasida guvoh bo‘lganimdek, mamlakatda iqtisodiyot, ta’lim, ijtimoiy xizmat bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirilishiga erishilgan. Jumladan, davlat xizmati sohasida “Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi” tasdiqlanib, turli sohalarda boshqaruv salohiyatiga ega xotin-qizlar kadrlar zaxirasi shakllantirilgan. Ular rahbarlikka tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari asosida o‘qitilmoqda.

Zamira Akbagisheva, Qirg‘iz Respublikasi Ayollar kongressi raisi:

– Markaziy Osiyo har jabhada ishbilarmon ayollar imkoniyatini oshirishga intilmoqda. Xususan, iqtisodiyotda ayollar tadbirkorligi rivojlansa, demak oilada, jamiyatda, ularning roli oshadi. Guvohi bo‘lyapmiz, o‘zbek ayollari mintaqaga o‘rnak. O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanayotgan dunyoning 10 davlati qatoriga kiradi. Mamlakatda ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan huquqiy islohotlar jadal tus olgan. Mehnatda, haq to‘lashda ham gender tenglikka qat’iy rioya etilmoqda.

Qirg‘izistonda ham maxsus ayollar fondi ta’sis etilgan. Jamg‘arma qisqa vaqt ichida kredit olishga ko‘maklashadi. Biz startaplar ustida ishlaydigan ayollarni hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlaymiz.

31 oktyabr kuni Bishkek shahrida 4-xalqaro ayollar biznes forumi o‘tkaziladi. Anjumanda memorandum imzolash reja qilinmoqda: maqsadimiz – Markaziy Osiyo ayollarini jamiyatning eng ulug‘ qatlamiga aylantirish.

Gulnora Mamadova, Ozarbayjon Respublikasi Oila, xotin-qizlar va bolalar muammolari bo‘yicha davlat qo‘mitasi vakili:

– Sohada ko‘p ish qilinyapti, ammo men eng muhim jihatga e’tibor qaratishni istardim. Davlatlarimiz o‘rtasida birodarlikka asoslangan mustahkam aloqa muhiti hukmron. Biz munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun oila masalasiga alohida e’tibor qaratayotganimiz eng katta yutug‘imiz, deb o‘ylayman. 2006 yil Ozarbayjonda gender tenglik bo‘yicha qonun qabul qilingan. Bugungi kunda respublikamizda ayollar markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular kompyuterni chuqur o‘rganmoqda, psixologik tavsiyalar olmoqda. O‘tgan yil 289 nafar ayolning loyihasi moliyalashtirildi. Qishloq ayollari assotsiatsiyasi 48 guruhdan iborat.

O‘zbekistonda ham ayollar muammolarini o‘rganib borish va ularga tizimli ravishda yechim topish maqsadida inter faol platformalar ishga tushirilmoqda. Ayniqsa, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi mamlakatning barqaror iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida muhim o‘rin egallaydi. Zero, ayollar so‘nggi yillarda iqtisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.