Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Olg‘a” ga borish endi qiyin emas
14:58 / 2023-07-28

Nurobod tumanining olis hududlaridan biri bo‘lgan “Olg‘a” mahallasida bugungi kunda besh ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. “Yo‘l azobi — go‘r azobi” deganlaridek, ushbu hududga olib boradigan yo‘lning nosozligi tufayli mahalliy aholining tuman markaziga, markazdagilarning mahallaga kelib-ketishi ming bir azob bilan amalga oshgan.

Joriy yilning aprel oyida viloyat hokimi E.Turdimovning tumandagi Olg‘a, Ittifoq, Chorvador, O‘rtabo‘z mahallalari aholisi bilan uchrashuvidan keyin ta’mirtalab 4N-639 “Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a” va 4N-560 “Toshquduq – Olg‘a – Hazarmali” avtomobil yo‘llarining 34 kilometr qismini asfaltlash boshlangan edi. Qisqa vaqtda ushbu yo‘llarda ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, asfaltlangan ravon yo‘lga aylandi. Hudud aholisining og‘iri yengil, uzog‘i yaqin bo‘ldi. Nurobod tuman hokimligi tomonidan Olg‘a mahallasidagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga bag‘ishlangan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy sohadagi yutuqlar, qishloq xo‘jaligi, xususan chorvachilik borasidagi yangi loyihalar bilan yaqindan tanishdi.  

Dastlab press-tur ishtirokchilari tuman hokimligi mas’ullari hamrohligida “Olg‘a elining maskani ziyo” fermer xo‘jaligi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan 50 gektar lalmi yer maydonlariga Turkiyada ishlab chiqarilgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish ishlari bilan tanishdi.  

– Hisobimizdagi 50 gektar yer maydoniga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali chorva uchun ozuqabop ekin ekishni boshlayapmiz, – deydi  “Olg‘a elining maskani ziyo” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Faxriddin Qarshiyev. – Hech kimga sir emas, so‘ngi yillarda yog‘in miqdori kamayib, yilning qurg‘oqchil kelishi lalmikor yerlarda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarini ancha qiynab qo‘ydi. Ikki-uch yildan buyon ekinlarimizdan natija yo‘q. Shu bois, osmonga qarab o‘tirmay yurtimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, samarali faoliyat yuritishga bel bog‘ladik. Turkiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy suv tejovchi uskunalarning dastlabkisi olib kelinib, ayni paytda ularni maydonga joylashtirish, zarur texnologik jarayonlar olib borilmoqda. Dastlabki bosqichda sinov tariqasida 50 gektar maydonga mo‘ljallangan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi olib kelindi. Bu texnologiya bir sutkada 50 gektar yerni sug‘orish imkonini beradi va eng muhimi, ushbu hududni sug‘orish uchun 5,5 ming kub suv sarflanadi. Joriy yilning oktyabr oyidan ushbu texnologiyadan foydalangan holda yerga urug‘ qadaymiz. Natijaga qarab qolgan 550 gektar maydonda ham xuddi shunday tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilib, yerdan oqilona foydalanishni  yo‘lga qo‘yish orqali chorvachilikni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Buning uchun  tegishli tartibda xorijlik hamkorlar bilan o‘zaro kelishuvlar tuzilgan.  

Umumiy qiymati 1,5 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu loyiha asosida xo‘jalikning ishchilar soni yana 30 taga yetib, jami qirq nafar mahalliy aholi ish bilan band bo‘ladi. “Olg‘a elining maskani ziyo” fermer xo‘jaligi mas’ul xodimi F. Qarshiyevning ta’kidlashicha, xo‘jalik ko‘p tarmoqli bo‘lib, ayni paytda naslli mollarni ko‘paytirish borasida ham doimiy izlanishda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha xo‘jalikka Fransiya taraqqiyot agentligining “O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish loyihasi” doirasida xalqaro kredit liniyalari orqali 4 milliard 980 million so‘mlik 1840 bosh naslli mayda shoxli chorva mollari qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelinib, parvarishlanmoqda. Olg‘a mahallasida yashovchi aholining asosiy daromad manbai chorvachilik hisoblanadi. Hududda azaldan chorvachilik rivojlangan bo‘lib, ayni paytda ham aholi ota-bobolari ishini davom ettirib, salmoqli natijalarga erishishmoqda.  

– Otam chorvador o‘tgan, shu bois ota kasbini davom ettirib kelmoqdaman, – deydi “Hamfikr” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Berdiyev. – 2007 yilda fermer xo‘jalik tashkil qilib, 350 bosh mayda shoxli mol bilan faoliyat boshlagan edik. Bugun chorvamiz soni 1200 boshdan oshdi. Shuningdek, 100 bosh yilqi, o‘n boshdan ortiq tuya boqyapmiz. Faoliyatimiz go‘sht yetishtirishga ixtisoslashgan. Yiliga 2 tonnagacha go‘sht yetishtiramiz. Har qanday ishda har doim muammo bo‘lgan.

Faqatgina oqilona yondashuv orqali muammolar tizimli hal etiladi. Bugungi kunda ham chorvachilikda muammolar bor. Ularni hal etish uchun hukumatimiz tomonidan qulay tizim yaratilganligi samarali faoliyat yuritishimizga zamin yaratmoqda. Ayni paytdagi eng katta muammo ozuqabop ekin yetishtirish bilan bog‘liq. Ko‘rib guvohi bo‘lganingizdek, tomchilatib sug‘orish tizimi orqali muammoga yechim topilmoqda. Buning uchun imtiyoz ham, imkoniyatlar ham yetarli. Faqatgina hafsala bilan ishga kirishilsa, natija kutilganidek bo‘ladi.  

Press-tur davomida ishtirokchilar Olg‘adagi obodonlashtirish ishlari hamda 10-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan tanishdi.  

[gallery-12935]

– Bizning eng katta muammomiz tuman markazi bilan bog‘laydigan ko‘chaning nosozligi edi, – deydi olg‘alik mehnat faxriysi To‘ra Pomishov. – Mana viloyat va tuman hokimlari boshchiligida tekis va ravon yo‘l qurilib, uzog‘imiz yaqin, og‘irimiz yengil bo‘ldi. Mahallamizdagi obodonchilik, bunyodkorlik ishlari ham kishi ko‘zini quvnatadi. Mahallamizda maktabgacha ta’lim muassasasi umuman yo‘q edi. 2019 yilda 160 o‘rinli 10-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi ishga tushirilib, nabiralariz zamon talablariga mos sharoitlarda ta’lim-tarbiya olyapti. Shuningdek, zamonaviy qishloq vrachlik punkti tashkil qilindi. Maktab binosi ham ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Qishlog‘imizdagi masjid qayta bunyod etilmoqda. Umuman olganda “Olg‘a” nomiga mos tarzda zamon bilan hamnafas holda olg‘a intilmoqda.  

G‘. Hasanov,

A. Isroilov (surat), O‘zA