O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda alimentlarni besh yildan kam bo‘lmagan muddat uchun oldindan to‘lash mumkinligi ko‘rsatilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Mingbuloq tumani bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng aliment to‘lovchi shaxs bolalari uchun besh yillik aliment pullarini to‘lab berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor X.K. dan undiruvchi N.K. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Davlat ijrochisining tushuntirish ishlari natijasida qarzdor ota farzandlarining moddiy ta’minoti uchun joriy yilning may oyidan 2030 yilning may oyiga qadar hisoblangan salkam 189 million so‘m aliment pullarini oldindan to‘lab berdi.
O‘z mas’uliyatini his qilgan otaning ushbu ishidan keyin sudning qaroriga ko‘ra, ijro usuli o‘zgartirilib, qarzdorning xorijga chiqish cheklovlari olib tashlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.