Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʼzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimiz hayotiga daxldor bo‘lgan muhim qonun loyihalari, xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi, “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, “Ma’muriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida"gi, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida Shartnomani (Toshkent, 2022 yil 22 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida"gi, “Davlat boji to‘g‘risida«gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun davlat boji stavkalari miqdorlarini maqbullashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihalari muhokama qilindi.
Deputatlar “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida«gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini qizg‘in muhokama qildi.

Metrologiyaga oid faoliyat – o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash, o‘lchash uslublari va vositalari, shuningdek, talab qilinadigan aniqlikka erishish usullari bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat hisoblanadi. Mazkur qonun loyihasi metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish sohasida xususiy sektorni keng jalb qilish hamda bu boradagi davlat tashkilotlarining eksklyuziv huquqlarini bekor qilish orqali sohada mavjud monopoliyani bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida o‘lchash vositalarini qiyoslash xizmatlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Mutasaddilar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda metrologiyaga oid 91 ta laboratoriya mavjud bo‘lib, ularning 21 tasi xususiy sektorga tegishli. Amaldagi qonunning 12-moddasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari metrologiya xizmatlari hamda yuridik shaxslar metrologiya xizmatlari akkreditatsiya qilingan holda o‘lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash ishlarini bajarishi belgilangan. Ammo 25-moddasida o‘lchash vositalarini qiyoslash davlat metrologiya xizmati hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan, ya’ni xususiy sektor ko‘rsatilmagan. Mazkur qonun loyihasi bilan har ikkala modda bir-biriga muvofiqlashtirilmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan o‘lchash natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati Hukumat tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari ushbu loyihasi bo‘yicha fikr va mulohazalarini bildirdi. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng mazkur qonun loyihasi kun tartibidan chiqariladigan bo‘ldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA