Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olamda ne hikmat-u ma’ni bor, Navoiy gulshanida bor
10:18 / 2021-02-10

Xuddi shunday nomlangan adabiy-musiqiy anjuman – Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida buyuk daho, ijodkor, ulug‘ mutafakkir, davlat arbobi Mir Alisher Navoiy hazratlari tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab tashkil etildi.

Insoniyat azal-azaldan yorug‘lik – nurga, quyoshga intilib yashaydi. O‘zbek ma’naviyati va madaniyati pillapoyalarida shunday otashin bir quyosh, so‘nmas oy borki, bu buyuk siymoning mangu xotirasi, pok va charog‘on nomi dilbar ohanrabo singari barchamizni o‘ziga chorlab turadi. Ul zot ma’naviyatimiz gultoji, adabiyoti va ona tilimiz asoschisi, odamiylik sarboni, umumbashariy g‘oyalar bunyodkori sifatida har bir vatandoshimiz yuragidan mustahkam qo‘nim topgan.

Adabiy-musiqiy anjuman Sirdaryo viloyati maqomchilari ijrosidagi Navoiy so‘zi bilan aytilgan g‘azal bilan boshlandi.  

Ijod maktabining 6-sinf o‘quvchisi Zulhayo Mingboyeva Hazrat Navoiyning “La’ling ayo ne ajab rangindur” nomli g‘azalini shu qadar mumtoz ruh va badiiy ehtiros bilan ifodali o‘qidiki, bu go‘zal ijro tomoshabinlar ruhiyatiga o‘zgacha ta’sir o‘tkaza oldi.  

G‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning “Munojot” g‘azali so‘zi bilan aytilgan qo‘shiqning maqomchilar ansambli tomonidan ijro etilishi tadbir ishtirokchilarga ma’naviy ozuqa ulashdi.

Shuningdek, mumtoz adabiyotimizning go‘zal sarchashmalaridan bo‘lgan Navoiyning bir-qancha shoh satrlari ijod maktabining Shahlo Davronbekova, Sitora Po‘latova, Odinaxon Yo‘lchiyeva, Gulsanam Turg‘unboyeva kabi bir-biridan iste’dodli o‘quvchilari tomonidan ifodali o‘qildi. Ohanrabodek go‘zal ovozlar va sehrli ifoda bilan ijro etilgan g‘azallar yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘ota oldi.  

Shundan so‘ng ijod maktabining bir qancha iste’dodli o‘g‘il-qizlari tomonidan sahnalashtirilgan “Navoiyning ustozga ehtiromi”, “Navoiy va Binoiy”, “Boshga balo tildan kelur”, “Layli va Majnun” va “Navoiy mahorati” kabi hikoyatlar buyuk dahoning insoniy fazilatlarini tarannum etdi.  

– O‘zbek millatining, ya’ni siz-u bizning eng katta baxtimiz borki, bu baxt butun dunyoni qalam bilan zabt eta olgan Alisher Navoiydek tengsiz dahoga vatandosh, millatdosh ekanligimizdadir, – deydi H.Xudoyberdiyeva nomli maktab direktori Muhammad Ismoilov.

– Zero, Hazrat Navoiy butun faoliyati va ijodiyotini bashariyatning baxt-saodati uchun kurashga, xalq osoyishtaligi, obodonchilik ishlariga, ilm-fan, san’at va adabiyot taraqqiyotiga bag‘ishladi.  

Shu bois Alisher Navoiy lirik merosi o‘zbek va jahon adabiyoti ilg‘or an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan yangi va yuqori bosqichi bo‘la oldi. Buyuk shoirning turkiy tilda yozilib, devonlarga kiritilgan she’rlari 3 ming 132 ta, 55 ming misra va 16 ta janrdan iborat.  

Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.  

Ham adabiy va ilmiy asarlari, ham go‘zal insoniy fazilatlari bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan Alisher Navoiyning rang-barang ijodi vaqt atalmish oliy hakamni ham o‘z izmiga bo‘ysundirgan. So‘z qudrati va uning go‘zal o‘zbekona ifodasini umumbashariyat mulkiga aylantira olgan, halollik, poklik, insoniylik, do‘stlik, sadoqat, oliyjanoblik, odamiylik fazilatlari quyoshga mengzangan Hazrat Navoiyning shoh asarlarini o‘qish va ularda tajassum etilgan umumbashariy g‘oyalarga e’tiqod qilish har birimiz uchun ma’naviy zaruratdir.

“Olamda ne hikmat-u ma’ni bor, Navoiy gulshanida bor” adabiy-musiqiy kechada Sirdaryo viloyati maqomchilar ansambli tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy va qo‘shiqlar g‘azal, mumtoz so‘z sehri va qo‘shiqqa oshufta qalblarga ma’naviy madad, ilhombaxshlik, ijodiy parvoz, shijoat va zavq-shavq bag‘ishladi. Ijod maktabining “Guldasta” raqs to‘garagi qizlari ishtirokida mohirona ijro etilgan jozibali, go‘zal raqslar tashrif buyurgan mehmonlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.  

Millat quyoshi bo‘lgan Hazrat Navoiy tavalludining 580 yilligi bilan tashkil etilgan adabiy-musiqiy kechaga tashrif buyurgan huquq-targ‘ibot xodimlari ham bu qutlug‘ adabiyot bayrami bilan barchani muborakbod etdi va ijod maktabining erishayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etib, ularga o‘zlarining esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Adabiyot va ma’naviyat sarchashmalari bilan jilolangan adabiy-musiqiy anjuman barchada katta taassurot qoldirdi, adabiyot va san’atga tashna qalblarni Navoiy dahosiga yana bir bor yaqinlashtirdi.  

Shohsanam Qarshiyeva,  

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi  

ijod maktabining ona tili  

va adabiyot fani o‘qituvchisi