Turkiyaning qurilish va muhandislik tizimlarini barpo etishga ixtisoslashgan “Okyanus” kompaniyasi mamlakatimizda bunyod etiladigan sport inshootlari qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda.
Dunyoning 24 ta davlatidagi 750 dan ziyod qurilish ob’ektlarini, xususan savdo markazlari, aeroportlar, stadionlarni barpo etishda ishtirok etgan “Okyanus” kompaniyasi asoschisi Ayse Sinirilioglu boshchiligidagi delegatsiyasi shu kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi.
Kuni kecha poytaxtimizdagi "Olimpiya shaharchasi"da O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov va Turkiyaning “Okyanus” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida qisqa fursatda O‘zbekistonda xalqaro talablarga javob beradigan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani e’tirof etildi.
Uchrashuvda kelgusida mamlakatimizda bunyod etiladigan sport infratuzilma loyihalarida “Okyanus” kompaniyasi ham o‘z takliflari bilan ishtirok etish masalasiga oid loyihalar muhokama qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA