Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘ktam Latipov: "Asosiy vazifamiz – sifat va ishonch"
13:11 / 2021-05-15

Mamlakatimizda innovatsion qurilish jadal rivojlanmoqda. O‘ziga xos dizayn va go‘zallik uyg‘unligida barpo etilayotgan ob’ektlar sifatiga alohida ahamiyat qaratilayotgani e’tiborga loyiqdir.

Ayni kunlarda Samarqand viloyatida ham yirik qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu yerda tez orada Samarqand sayyohlik markazi va Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali qad rostlaydi.  

Qurilish yurtimizdagi ta’lim muassasalari, madaniy va ma’naviy inshootlar qurilishida yetakchi maqomiga ega bo‘lgan “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan amalga oshirmoqda.  

O‘zA muxbirining Samarqand turistik markazi qurilishi bosh direktori O‘ktam LATIPOV bilan suhbati ob’ektlarda amalga oshirilayotgan qurilish jarayoni, ularning viloyat iqtisodiy salohiyatini oshirishdagi o‘rni va shu hududda yashovchi aholi uchun qanday qulayliklar yaratilishi xususida bo‘ldi.

–Avvalo, bunyodkorlik sohasida bu kabi islohotlarning amalga oshirilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashlari tufaylidir, – dedi O‘.Latipov. – Davlatimiz rahbarining bu yerga tashrifi chog‘ida Samarqand shahrini “turistik hab”ga aylantirish zarur, degan talab va takliflari ijrosida shu ulkan ishlarga qo‘l urilganini alohida ta’kidlash lozim.  

Qurilayotgan markaz haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, u 212 gektar maydonni o‘z ichiga oladi. Markaz hududiga rasmiy va tantanali tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan kongress hol, ikkita 5 yulduzli mehmonxona, ikkita 4 yulduzli mehmonxona, to‘rtta butik mehmonxona, restoran va do‘konlar quriladi. Majmua hududidagi mehmonxona nomerlarining umumiy soni esa 1190 tani tashkil etishi kutilmoqda.  

– Hozir Samarqand turistik markazida olib borilayotgan ishlar qaysi bosqichda va uning bunyod etilishi viloyat uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?  

 – Hozir majmuaning barcha ob’ektlarida ishlar jadal davom ettirilmoqda. Bu yerda asosiy qurilish ishlari nihoyasiga yetgan. Qurilishning to‘liq yakuni joriy yilning to‘rtinchi va 2022 yilning birinchi choraklariga mo‘ljallangan.  

Ochig‘ini aytganda, ushbu inshootlar faoliyati Samarqad viloyati uchun katta iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi. Xususan, bu yerda barcha  ishlar yakunlangach, mazkur zamonaviy go‘sha mahalliy va sayyohlarning eng sevimli manziliga aylanadi. Kanalning ikki tomonida bunyod etiladigan ob’ektlar qatorida suv bo‘yi ham o‘ziga xos go‘zallik kasb etadi. Suzish joylari va xordiq chiqaradigan maskanlar barpo etiladi. Ma’lumki, suv yaqinidagi maskanlar, ayniqsa, bizning iqlim sharoitida dam olish uchun eng yaxshi joy, deb hisoblanadi.  

Yana bir muhim qulaylik shuki, Samarqand shahrini kichik haj amallarini bajaradigan tabarruk manzilga aylantirish niyatidamiz. bugungi kunda Imom Buxoriy majmuida olib borilayotgan ishlar, Samarqand xalqaro aeroportining qurilishi, Samarqand turistik markazi kabi yirik loyihalar ham shunday maqsadlarga qaratilgan. Markaziy Osiyo va MDH davlatlaridan kelgan ziyoratchilar avval Samarqandda bo‘lib, keyin Makkai Madinada o‘z amallarini bajaradi.  

Shuningdek, bu yerda qurilayotgan ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan kongress hol maydoni 19 ming 500 kvadrat metrni tashkil etadi. Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti aynan shu kongress holda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani ham Samarqand viloyatining iqtisodiy ravnaqiga muhim hissa qo‘shadi, deb hisoblayman.  

–Ushbu yirik ob’ektlar qurilishida qaysi tashkilotlar qatnashmoqda?Keyingi paytda qurilish sohasida turli muammolar mavjudligi va sifatsiz binolar qurilayotganiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, mazkur inshootlar sifati nazorati kim tomonidan va qay tarzda tekshirilib borilmoqda?  

–Avval ta’kidlab o‘tilganidek, “Enter Engineering” kompaniyasi ushbu loyihaga mas’ul tashkilot hisoblanadi. “Enter Engineering” O‘zbekistondagi eng yirik EPC pudratchilaridan biri sifatida tanilgan. EPC shartlariga asosan kompaniya loyihani to‘liq topshirishga mas’ul. Kompaniya hozirgi kunda neft-gaz, kimyo, energetika va fuqarolik muhandisligi sohalarida ob’ektlarni qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Turkiyaning “ARUP” kompaniyasi mazkur qurilishning bosh loyihachisi sanaladi.

Kompaniyamiz uchun sifat masalasi birinchi o‘rinda turadi. Jahon standarti, degan terminning o‘zi ham aslida sifatdir. Busiz dunyo bozoriga aslo chiqib bo‘lmaydi. Shunday ekan, bizning har bir loyihamiz sifat va ishonch bilan bog‘liq. Shu sababli, Samarqand turistik markazidagi ishlarning har bir bosqichini qabul qilib olish va bajarilayotgan ishlarga kafolat berish maqsadida Turkiyaning "Integra"- RM kompaniyasi bilan yaqindan ishlayapmiz. Aynan shu kompaniya bajarilgan ishlarni kuzatadi, sifatini nazorat qiladi va qabul qilib oladi.  

 Shuningdek, biz «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga mo‘ljallangan 2 ming o‘rinli amfiteatr qurishni ham reshalashtirganmiz. Qolaversa, Samarqand turizm markazi hududida eski Samarqand qiyofasini takrorlaydigan “Abadiy shahar” tarixiy majmui ham barpo etilmoqda. Majmua mamlakatning barcha mintaqalaridan tashrif buyurgan hunarmandlarni birlashtiradigan va butun dunyodan sayyohlik oqimlarini jalb qiladigan joyga aylanadi.  

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA  

suhbatlashdi.