Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oksfordda o‘zbek tilini o‘rganish dasturi ochilishi – hamkorlik yo‘lidagi tarixiy qadam
15:44 / 2025-11-18

Yaqinda Buyuk Britaniyadagi Oksford universitetida o‘zbek tilini o‘rganish dasturi ochildi. Mazkur voqeani gumanitar aloqalar rivoji yo‘lidagi chinakam tarixiy qadam, deyish mumkin.

Qayd etish joiz, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi va faol qo‘llab-quvvatlashi tufayli amalga oshgan bu ish, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonning boy ma’naviy merosi, ulkan salohiyatini jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga strategik intilishning yorqin ifodasidir.

O‘zbekshunoslik dasturi mazkur nufuzli universitetning “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakultetida ochildi. Tashabbus doirasida talabalar zamonaviy va qadimgi o‘zbek (chig‘atoy) tillari, shuningdek beqiyos madaniy, intellektual merosga ega mamlakat – O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini faol o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi. Qolaversa, bu jahonga keng ochilayotgan Yangi O‘zbekistonga nisbatan qiziqish xalqaro maydonda kun sayin oshayotganini ko‘rsatadi.

Dasturni samarali ishga tushirish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning alohida o‘rni, mislsiz amaliy hissasini ta’kidlash o‘rinli bo‘lar edi.

Bundan tashqari Volfson kolleji prezidenti Tim Xitchens, Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi Xalqaro ishlar va mudofaa qo‘mitasi a’zosi Malkolm Bryus, “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakulteti dekani o‘rinbosari Nikolay Sinay, Oksford shahri meri Luiza Apton hamda universitetning tilshunoslik bo‘yicha malakali ilmiy jamoasi ham loyihani amalga oshirishga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Bunday yoqimli yangilik xorijda tahsil olayotgan talabalarimiz, akademik jamoatchilik va mehnat muhojirlari qalbini to‘lqinlantirdi, yoshlarimizga o‘zgacha g‘urur, quvonch bag‘ishladi.

Shaxsan o‘zim – Londonda tahsil olayotgan oddiy o‘zbek yigiti Oksforddek dunyoning yetakchi oliygohida o‘zbek tili chuqur o‘rganila boshlaganini buyuk madaniyatimiz, bebaho tilimiz va milliy merosimiz jahon intellektual maydonida yangi bosqichga ko‘tarilishining yorqin belgisi sifatida qabul qildim.

Fikrimcha, mazkur foydali dastur samarasi o‘laroq, kelgusida o‘zbekshunoslik sohasida xalqaro miqyosda tadqiqotchilarning yangi avlodini tarbiyalab beradigan o‘ziga xos, salohiyatli ilmiy maktab shakllandi.

Oksforddagi shunday xayrli ish ta’sirida kelgusida butun dunyodagi TOP-1000 talikka kiruvchi oliy ta’lim dargohlarida ham o‘zbek tili o‘rgatilishi yo‘lga qo‘yilishiga ishonchim komil. Zero, shu orqali ona tilimizni ilmiy asosda tizimli targ‘ib etish, jahon miqyosida 50 million so‘zlashuvchisi bo‘lgan betakror ona tilimizning dunyo uzra baland parvozini ta’minlashga muvaffaq bo‘lamiz.

Suhrobxon Akbarov,

Londondagi Qirolicha Meri universiteti magistranti