English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oksford universitetida Navro‘z nishonlandi
18:10 / 2023-03-11

Xalqimiz asrlar davomida tantana bilan nishonlab kelayotgan yangilanish, yasharish bayrami – Navro‘z yaqinlashmoqda. Mazkur ajoyib shodiyona Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida e’tirof etilgan. Shu bois bu kun ko‘plab davlatlarda ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanadi.

Ma’lumki, Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlari bu yil mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” bosh g‘oyasi asosida o‘tkazilmoqda.

Ayni jarayonda asosiy e’tibor Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini ulug‘lash maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga, xalqimiz hayoti, dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni Navro‘z bilan bog‘liq azaliy qadriyat, an’analarga mos tarzda aks ettirishga qaratiladi.  

Dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri – Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida Navro‘z tadbiri tashkil etildi. Mazkur nufuzli ta’lim maskanida tahsil olayotgan talabalar va davlatimizning qirollikdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir O‘zbekistonning xorijdagi imijini yanada oshirish, mamlakatimiz tarixi, madaniy merosi, an’ana va qadriyatlarini keng targ‘ib qilish maqsadini ko‘zladi.

Anjumanda turli yurtlardan kelib Oksfordda tahsil olatgan yuzga yaqin talaba, universitetda tadqiqot olib borayotgan professorlar ishtirok etdi.  

O‘zbekistonlik talaba, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati Mushtariy Madrahimova yig‘ilganlarga Navro‘zning tarixi va mohiyati, ushbu bayramni nishonlash bo‘yicha shakllangan urf-odat, an’analar haqida so‘zlab berdi, O‘zbekistonning boy madaniy merosi tarixi, turistik salohiyati haqida ma’lumot berdi.

Bayram dasturxoniga milliy taomlarimiz – ko‘klam ne’matlari, shirinliklar tortildi. Navro‘z ramzi – sumalak, ayniqsa, universitet jamoasiga manzur bo‘ldi.

Tadbirda qadimiy urf-odatlarimiz ham namoyish qilindi, madaniy merosimizning yorqin namunasi – kuy, qo‘shiq, raqslar, jumladan, Xorazm lazgisi ijro etildi. Ishtirokchilar mamlakatimizga tashrif buyurish, yurtimiz tarixi, madaniy merosi, an’ana va qadriyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdilar.  

Qayd etish joiz, turli sabab bilan chet elda bo‘lib turgan hamyurtlarimiz tomonidan bunday tadbirlar tashkil etilishi xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, ezgu qadriyatlarini xorijliklarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.

Go‘zal Sattorova O‘zA