Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oksana Chusovitina jahon kubogi finalida
15:39 / 2026-02-20

Sport xabarlari

Bugun, 20-fevral kuni Germaniyaning Kotbus shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha boshlangan Jahon kubogi ilk bosqich musobaqasining saralashida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustasi Oksana Chusovitina ishtirok etdi.

Tajribali sportchimiz tayanib sakrash dasturida 13.133 ball natija qayd etdi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

22-fevralga qadar davom etadigan mazkur musobaqada o‘tgan yilgi jahon kubogida g‘oliblikka erishgan 10 nafar sportchining 7 nafari ishtirok etmoqda.

Mamlakatimizda sport sinovlari boshlanmoqda

Ertaga, 21-fevraldan mamlakatimizdagi umum ta’lim muassasalari o‘quvchilari “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida ishtirok etishlari uchun ro‘yxatdan o‘tishga start beriladi.

Sport sinovlarini topshirish jarayonida elektron ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar ID-raqami bo‘yicha platformada baholanadi va natijasiga ko‘ra shaxsiy kabinetiga elektron sertifikatlar yuboriladi.

Joriy yilning mart oyidan ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilardan ixtiyoriy talablar asosida sport sinovlari qabul qilinadi.

"Katta dubulg‘a" turnirida necha nafar dzyudochimiz qatnashadi?

Yana bir haftadan so‘ng "Humo Arena" sport majmuasida dzyudo bo‘yicha Toshkent "Katta dubulg‘a" turniri boshlanadi.

Xo‘sh, "Los-Anjeles-2028" Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini taqdim etadigan mazkur nufuzli musobaqada Vatanimiz sharafini necha nafar dzyudochi himoya qiladi?

"Katta dubulg‘a" turniri nizomiga muvofiq, musobaqa mezboni sifatida har bir vazn toifasida O‘zbekiston to‘rt nafardan dzyudochini bahslarda ishtirok etish talabnomasini taqdim etishi belgilangan.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi Murabbiylar kengashi kuni kecha Vatanimiz sharafini himoya qiladigan milliy terma jamoaning so‘nggi tarkibini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Toshkent tatamilarida umumiy hisobda 56 nafar yigit-qizlarimiz g‘oliblik yo‘lidagi kurashlarda tatamiga chiqadi.

Bektemir Meliqo‘ziyev matbuot anjumanida ishtirok etdi

Joriy yilning 22-fevral  kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tadigan navbatdagi professional boks kechasida hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyev ringga ko‘tariladi.

29 yoshli charm qo‘lqop ustamiz B.Meliqo‘ziyev Las-Vegasdagi “T-Mobile Arena” majmuasida tashkil etiladigan professional boks oqshomida ganalik Sena Agbekoga ro‘baro‘ keladi.

Bugun, 20-fevral kuni ushbu boks kechasi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan Bektemir jangning ahamiyati, raqibining imkoniyatlari borasida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA