Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oksana Chusovitina izdoshlari «Yangi yil karnavali»da mahoratini namoyish etdi
18:12 / 2024-12-20

Mamlakatimizda iqtidorli sportchilarni saralash, tanlash, ularni nufuzli musobaqalarga tayyorlashda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan sport maktablarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar hamda sport musobaqalarining alohida o‘rni bor. Shunday tadbirlardan biri Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabida tashkil etildi.

«Yangi yil karnavali» festivalida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi vakillari, taniqli sport namoyandalari, respublikamizdagi bolalar sport maktablarining 300 nafardan ortiq sportchi o‘quvchilari ishtirok etdi. Chinakam sport bayrami ko‘rinishini olgan festival doirasida badiiy gimnastika bo‘yicha tashkil etilgan musobaqada 230 nafar yosh sportchi o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Shuningdek, badiiy va sport gimnastikasi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, Yangi yil bayram dasturi namoyish etilgani yig‘ilganlarga bir olam zavq bag‘ishladi.

– Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabida 1-8-sinflar kesimida 139 nafar o‘quvchi badiiy hamda sport gimnastikasi sir-asrorlarini o‘rganish bilan birga zamonaviy ta’lim standartlari asosida ta’lim olib kelmoqda. Maktabning iqtidorli o‘quvchilari mamlakatimizda va xorijiy mamlakatlarda o‘tayotgan nufuzli turnirlarda munosib natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, yaqinda o‘tgan Osiyo chempionati va O‘zbekiston kubogida Oksana Chusovitina izdoshlarining 10 ta medallar shodasiga ega chiqqani e’tiborli bo‘ldi. «Yangi yil karnavali» doirasidagi bu galgi musobaqalar esa ushbu muvaffaqiyatlarga yangi zamin tayyorlashi bilan ahamiyatlidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati bosh mutaxassisi Malohat Husanova. 

Qiziqarli o‘tgan bahslarda g‘oliblikka erishgan yosh sportchilarga navbatdagi sport razryadlari berilgani ularning kelgusi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, yangi muvaffaqiyatlar sari ilhomlantirdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA