Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oksana Chusovitina: “Bu savolni bas qilmagunlaricha, shugʻullanishda davom etaveraman”
17:57 / 2018-12-31

“Milliy sport mukofoti-2018” taqdirlash marosimida “Xalqaro maydonlarda oʻzbek sportini targʻib qilgani uchun” nominatsiyasida gʻolibni aniqlash lahzalari juda hayajonli kechdi


“Milliy sport mukofoti-2018” taqdirlash marosimida “Xalqaro maydonlarda oʻzbek sportini targʻib qilgani uchun” nominatsiyasida gʻolibni aniqlash lahzalari juda hayajonli kechdi. Negaki, ushbu yoʻnalishda daʼvogarlarning barchasi gʻoliblikka munosib edi.

Axir tennis boʻyicha Osiyo oʻyinlari gʻolibi, mamlakatimiz sportchilari orasida eng birinchi boʻlib Tokio-2020 olimpiadasiga yoʻllanmani naqd qilgan Denis Istomin yoki boʻlmasa onalik baxtiga musharraf boʻlganidan keyin yana katta sportga qaytgan hamda Osiyo oʻyinlarida chempion boʻlish barobarida musobaqa rekordini yangilagan Svetlana Radzivil shu nomga loyiq emasmidi?!

ALM_9553-2208x1472.JPG

Ammo, daʼvogarlar orasida yana bir atletimiz bor ediki, uni bugun nafaqat oʻzbek, balki dunyo sport gimnastikasining tirik afsonasi, deyishga haqlimiz. Anglagan boʻlsangiz kerak, gap sportimiz faxri Oksana Chusovitina haqida bormoqda va “Xalqaro maydonlarda oʻzbek sportini targʻib qilgani uchun” nominatsiyasida aynan uning gʻolib chiqqanligi har jihatdan adolatli qaror boʻldi. Zotan, sahnada Chusovitinaning nomi eʼlon qilinganda va sportchimiz mukofotni qabul qilib olayotganida zalga yigʻilgan barcha yurtdoshlarimiz Oksanani oʻrinlaridan turib olqishlashdi. Sportchi uchun bundan ortiq baxt bormi?

Marosimda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida Oksana Chusovitina ortda qolayotgan yil taassurotlari va kelgusi rejalari bilan qisqacha oʻrtoqlashdi:

“Albatta, meni mana shunday yuksak mukofotga munosib koʻrishganidan xursandman. Lekin, tan olishim kerak, bu sovringa nafaqat menga raqobatchilik qilgan sportchilar, balki mana shu muhtasham zalda toʻplangan har bir atletimiz munosib edi. Shu maʼnoda bugun mening omadim chopdi, deyish mumkin. Boisi, xalqaro maydonlarda vatanimiz bayrogʻini yuqoriga koʻtarib kelayotgan har bir sportchi ushbu nomga haqli. Shu sababli men oʻz quvonchimni barcha sportchi doʻstlarim bilan baham koʻraman. Fursatdan foydalanib, meni har qanday sharoitda qoʻllab-quvvatlayotgan muxlislarimga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

Ortda qolayotgan yil haqida gapiradigan boʻlsam, 2018 yil sport faoliyatimda oʻziga xos iz qoldirdi, deyish mumkin. Yorqin gʻalabalar bilan birga alamli magʻlubiyatlar ham kuzatildi. Oldinda esa biz sportchilar uchun masʼuliyatli yil kirib kelmoqda, yaʼni 2019 yilda Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalar oʻynaladi. Shuning uchun Yangi yil arafasida yaxshilab hordiq chiqarib olish va yangi sport mavsumiga yangicha gʻayrat bilan kirib borish kerak. Bilasizmi, soʻnggi vaqtlarda mendan tez-tez “sport faoliyatingizni yakunlash haqida oʻylamayapsizmi?”, deb soʻrashmoqda. Men esa ularga: “qachonki menga shu savol bilan murojaat qilishni bas qilmaguningizcha shugʻullanishda davom etaveraman”, deb javob beraman. Va albatta barcha yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutlagan holda ularga hamisha yuzingizdan kulgi arimasin, deb qolaman”.