Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrugi komissiyasi a’zoligiga nomzodlar tavsiya etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Senatining 14 mardagi qarorlariga ko‘ra, 2023 yil 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 16 mart kuni o‘tkazilgan majlisida referendumni o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegarasi doirasida 14 ta referendum okrugi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Referendumga doir qonunchilikka ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tavsiyasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Shundan kelib chiqib, referendum o‘tkazuvchi 7-Camarqand okrug komissiyasi tarkibiga saylovga hamda referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar orasidan komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi va 18 nafar a’zo nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Bu haqidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi belgilandi.
G‘. Hasanov, O‘zA