“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligining London filiali tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining uzoq muddatli kredit reyting ko‘rsatkichini “VB-“ BARQAROR darajasida tasdiqladi.
Ma’lumot uchun AQSHning “Fitch Ratings” agentligi dunyoda katta uchlikka kiruvchi reyting kompaniyasi bo‘lib, ushbu reyting OKMKning investitsion jozibadorligini oshiradi. Har qanday xorijiy yirik tijorat bank va moliya tashkilotlari ushbu reytingga alohida e’tibor beradi. Mazkur reyting agentligi tomonidan kombinatning e’tirof etilishi, OKMKning barqaror faoliyat yurituvchi yirik metallurgiya korxonasi ekanligini isbotlaydi.
“Fitch Ratings” agentligi qayd etganidek, fiskal siyosat, tasdiqlangan xom ashyo zaxiralari, misning xalqaro bozordagi narxi va jozibador eksport hajmi kombinatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi.
Dunyoning yetakchi eksperti bo‘lgan “Fitch Ratings” agentligi tomonidan OKMKni xalqaro darajada yana bir bor e’tirof etilishida dunyodagi eng yirik “Yoshlik I konini o‘zlashtirish” loyihasining amalga oshirilayotgani, investitsiyaviy jozibadorligi yuqoriligi va korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etilayotgani muhim omil bo‘ldi.
2021 yilda OKMK dunyoda kuchli uchlikka kiruvchi yetakchi reyting agentligi sanalgan “S&P Global Ratings” tomonidan kredit reytingida “V+” darajasi hamda “Barqaror” bashorati bilan taqdirlangan edi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 2021 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 30,7 trillion so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan o‘sish 5,6 baravarni tashkil etgan. Sof foyda hajmi 5,3 trillion so‘m miqdorida yoki biznes rejaga nisbatan 128,6 foiz yetkazilgan.
OKMK matbuot xizmati