Mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning jangovar xizmat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan Mis kompleksini qo‘riqlab kelayotgan harbiy xizmatchilar uchun ana shunday yuksak e’tibor namunasi namoyish etildi
Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining Olmaliq shahrida joylashgan harbiy qismida OKMK homiyligida barpo etilgan zamonaviy infratuzilmaga ega yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur majmuaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov, OKMK rahbariyati, Olmaliq shahar hokimligi mas’ullari, O‘zbekiston Qahramoni Saydali Rahmonov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni bayram bilan qutlar ekan, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan harbiy sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ahamiyatiga alohida to‘xtaldilar. Mudofaa vaziri mazkur zamonaviy binoni qurish va ta’mirlash ishlarida yaqindan ko‘mak bergan kombinat rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun yangi xizmat avtomobillari kalitlarini topshirdi.


Tantanali marosimdan so‘ng mehmonlar yangi o‘quv binosida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida qo‘riqlash xizmatini kengaytirish va harbiylar malakasini oshirish maqsadida barpo etilgan mazkur uch qavatli bino 120 o‘ringa mo‘ljallangan. Majmuadagi jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik sinflari, kutubxona, IT va xizmat xonalari zamon talablari asosida jihozlangan bo‘lib, bino yonida 20 ta maxsus harbiy texnikaga mo‘ljallangan yopiq avtoturargoh ham barpo etilgan.



E’tiborlisi, mazkur binoning loyiha va qurilish ishlari to‘liq kombinatning ichki imkoniyatlari – tarkibiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgani xalq va armiya birligining o‘ziga xos amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu kabi zamonaviy inshootlarning foydalanishga topshirilishi nafaqat harbiy xizmatchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, balki yurtimizning strategik muhim ob’ektlari xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Vatan himoyachilariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom soha xodimlarining jangovar ruhini ko‘tarishda muhim omil bo‘lib qolmoqda.
OKMK Axborot xizmati