“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati“ AJ tarkibiy bo‘linmalarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligining amalga oshirilishi hamda korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Sanoat temiryo‘l-transport boshqarmasida jurnalistlar uchun press-tur o‘tkazildi.
Dastlab korxonada boshqaruv tizimini avtomatlashtirish xizmati tomonidan o‘rnatilgan raqamlashtirilgan texnologik jarayonlar bilan press-tur ishtirokchilari yaqindan tanishtirildi. Mutaxassislar amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan ma’lumot berdi.
Xususan, bu korxona 1953 yil tashkil etilgan bo‘lib, o‘zida 4 ta temiryo‘l sexi, 6 ta xizmat va ma’muriy-xo‘jalik qismini jamlagan. Hozir bu yerda 2 ming 500 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi. Ulardan qariyb 900 nafari yoshlardir. O‘tgan yilda ushbu bo‘linma tomonidan katta hajmdagi ishlar bajarildi. Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, dasturiy ta’minot ko‘lamini kengaytirish, qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlar aylanmasini qisqartirish maqsadida 57 kilometr optik tolali kabellar hamda mis asosidagi 2,6 kilometr kabel simlari montaj qilindi. 7 ta stansiyalar zamonaviy dispetcherlik aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash, mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi, texnologik jarayonlarni va ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish maqsadida 31 dona videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Texnologik jarayonlarni kuzatish va nazorat qilish maqsadida kombinat mutaxassislari bilan hamkorlikda 7 ta dasturiy tizimlar joriy qilindi. Shundan so‘ng OAV vakillari 1-temiryo‘l sexidagi avtomatik tizimda boshqariladigan jarayonlar, yosh mutaxassislarning ish faoliyati va amaliy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida tashkillashtirilgan o‘quv xonalari bilan tanishdi. Mazkur sexda tasdiqlangan o‘quv dasturlariga muvofiq, lokomotiv brigadalari (lokomotiv mashinisti va mashinist yordamchilari) malakasini oshirish, kasb razryadlarini oshirish, mustaqil ishlashga ruxsat berish bo‘yicha o‘quv kurslar tashkil etish doimiy amaliyotga joriy etilgan. Ushbu vazifalarni bajarish uchun maxsus o‘quv xonasi va trenajyor xonasi mavjud.
Jurnalistlar Qalmoqqir konidan qazib olingan rudalarni boyitish fabrikasiga tashish jarayonida ham qatnashdi. Navbatdagi manzil “Olmaliq KMK” AJ Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida tashkil etilgan “Yoshlik” temiryo‘l stansiyasi bo‘ldi. Mazkur konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi doirasida yangi - “Yoshlik” stansiyasi qurilib, 2022 yil avgust oyida ishga tushirilgan edi. Stansiya zamonaviy, jahon standartlariga javob beradigan asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Loyiha bo‘yicha jami 7,34 kilometr temir yo‘llar va 9 komplekt strelkali o‘tkazgich qurildi, jami 27,1 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Suhbat davomida jurnalistlar bu borada mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Korxonaning 3-temiryo‘l sexi ham jurnalistlarni qiziqtirdi. Bu yerda ishlayotgan xodimlar va yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Ayni paytda bu sexda 279 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi.
– Asosiy faoliyatimiz elektrovozlar, teplovozlar, maxsus temir yo‘l texnikalari va avtotraktor texnikalarini joriy va kapital ta’mirlashdir, –deydi sex boshlig‘i Dilshod Narmanov. – Ishchilarning mehnat qilishi, sport bilan shug‘ullanishlari va ishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, oqar suv havzasi bo‘yida xiyobon, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida bunyod etilgan bog‘, ma’naviyat xonasi, minifutbol maydoni, sportning bir necha turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan hamda zamonaviy sport anjomlari, trenajyor vositalari bilan jihozlangan sport majmuasi mavjud.
Shuningdek, sex hududida issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, unda gullarning bir necha turlari yetishtiriladi. Bundan tashqari, issiqxonada yetishtiriladigan limon va sabzavotlar boshqarma sexlarida joylashgan ishchilar oshxonalariga yetkazib berilmoqda.
Mazkur press-turda kombinat tarkibiy bo‘linmalarining yoshlar ittifoqi raislari, OAV vakillari ham ishtirok etdi.
A.Musayev, O‘zA.