Bugungi kunda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va “Sanoat uchburchagi” dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2024 yil Olmaliq shahrida o‘tkazilgan “Olmaliq KMK” AJ tomonidan import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish mavzusidagi “Sanoat uchburchagi” sanoat yarmarkasida OKMK, “Olmaliq quyuv mexanika zavodi” MCHJ hamda “Andijon mexanika zavodi” AJ o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolanib, yo‘l xaritasi tasdiqlangan edi.

Bugungi kunda, “Andijon mexanika zavodi” AJda vagon-samosvalning kuzovi, pastki va ustki ramalari kabi asosiy qismlari ishlab chiqarilmoqda. “Olmaliq quyuv mexanika zavodi” MCHJda esa telejkalarning barcha asosiy qismlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Muhimi, hozirda ishlab chiqarilayotgan ehtiyot qismlar bo‘yicha barcha sertifikatlar olingan, texnik talablar to‘liq bajarilmoqda. Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasi mutaxassislari tomonidan jarayonlar doimiy nazorat qilinib, zarur tavsiya va takliflar berilmoqda.

Xususan, OKMK Transport va logistika departamenti direktori Rustambek Sanaqulov hamda STTB boshlig‘i Sirojiddin Manazarov “Andijon mexanika zavodi” AJda bo‘lib, vagon-samosval ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ular tomonidan mutaxassislarga zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, “Andijon mexanika zavodi” AJda namuna vagon-samosval uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish yakunlanib, vagonni yig‘ish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu texnikalar bugungi kunda OKMKda tog‘ jinslarini mis boyitish fabrikalariga yetkazib berishda asosiy transport vositasi hisoblanadi.
Ma’lumotga ko‘ra, loyiha doirasida “Andijon mexanika zavodi” AJ tomonidan kombinatga 196 ta shunday vagon-samosvallar yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. E’tiborli jihati shundaki, shu kungacha ular xorijdan keltirilar edi. Endilikda mahalliylashtirish dasturi doirasida bunga ehtiyoj qolmadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirda ishlab chiqariladigan 6 o‘qli “2BC-105 (Q-115)” turdagi vagon-samosvallar xorijnikiga qaraganda 1,5 baravar arzonga tushadi.
A.Musayev, O‘zA.