Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK: Yangi dam olish maskani ishchilarga muntazir
17:39 / 2025-11-21

Viqorli tog‘laru, betakror tabiati va shifobaxsh havosi bilan nom qozongan Jizzax viloyatining Zomin tumanida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi dam olish maskani qad rostladi.

Mazkur dam olish sihatgohi  joriy yilning 21 noyabr kuni tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Maskanning ochilish tadbirida OKMK rahbariyati, Zomin tumani hokimligi mas’ullari, pudrat tashkiloti vakillari, mehnat faxriylari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishchi xodimlarning ijtimoyi himoyasi ustuvor vazifalardan biri ekanligini, maskanda ishchi-xodimlar salomatliklarini tiklashi va hordiq olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini va bu sihatgoh ularning sevimli maskaniga aylanishini ta’kidlab o‘tishdi.

Tadbir ishtirokchilari sihatgohda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

Mazkur sihatgoh 5 gektar yer maydonini egallaydi. Qurilish ishlari kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda “Osiyo Qurilish Imkon Servis” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.

Sihatgoh 180 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.

Shuningdek maskanda kutubxona va o‘quv binosi, muolaja,kir yuvish binosi, sauna va yopiq cho‘milish suv havzasi, dam olish uchun shiyponchalar, bolalar o‘yingohlari, futbol maydoni, avtoturargoh va avtotransportlarga xizmat ko‘rsatish binosi, ko‘ngilochar dasturlar uchun alohida bino, 180 kishiga mo‘ljallangan ikki qavatli oshxona faoliyat yuritadi.

Dam olish maskani binolarining energosamaradorligini oshirish maqsadida fasad qismi bazalt qoplamasi bilan qoplandi.  

Hududda to‘liq ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Oromgoh dam oluvchilari uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi. Sog‘liq uchun zarur bo‘lgan tog‘ archalaridan taralayotgan shifobaxsh toza havo va yer qa’ridan chiqayotgan mineral suvlari dam oluvchilarning nafas yo‘llari faoliyatini mustahkamlaydi va sog‘lig‘ini tiklashi bilan ahamiyatlidir.  

Dam olish maskanining qurilish ishlariga 80 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.  

E’tiborlisi, dam olish maskanining foydalanishga topshirilishi natijasida 78ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.  

Endilikda kombinat ishchi-xodimlari yana bir zamonaviy sihatgohda dam olish imkoniga ega bo‘lishdi.

OKMK Matbuot xizmati