Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK va Germaniya konserni hamkorligida mutaxassislar tayyorlanadi
16:12 / 2023-04-11

Ma’lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Germaniya davlatining bir qator yetakchi kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Hamkorlik doirasida bugun OKMKga Germaniyaning “GP Günter Papenburg AG” konserni boshqaruvi a’zosi, “Bau-und Verwaltungsgesellschaft” kompaniyasi ijrochi direktori Angela Papenburg tashrif buyurdi.  

OKMK rahbariyati va Angela Papenburg o‘rtasida tashkil etilgan muzokaralar chog‘ida nemis konserniga mutaxassislar yetkazib berish, Germaniya ta’lim standarti asosida Olmaliqda mutaxassislarni o‘qitish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, Angela Papenburg Olmaliq kon-metallurgiya kollejida faoliyat yuritayotgan nemis tili kursi bilan yaqindan tanishib, til o‘rganayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.  

Endilikda Olmaliq kon-metallurgiya kollejida yoshlar Germaniya ta’lim standarti asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qitiladi. Zarur mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitilgan yoshlar Germaniyaga yuboriladi va “GP Günter Papenburg AG” konsernining Xalle shahridagi korxonalarda dual ta’lim asosida tahsil oladi. Tegishli sinovlardan o‘tganidan so‘ng konsern kompaniyalarida 5 yil muddat mobaynida ishlashadi. So‘ngra, yetarli tarzda tajriba orttirgan yoshlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratiga hissa qo‘shish uchun Vatanimizga qaytadi.  

Ma’lumot uchun: “GP Gunter Papenburg AG” konserni tarkibida 69 ta kompaniyalar mavjud bo‘lib, ular xomashyo, qurilish materiallari, qurilish kompaniyasi, qayta ishlash va utilizatsiya qilish, qurilish mashinalari va uskunalari, logistika, tijorat avtomobillari, xizmat ko‘rsatish, madaniy tadbir va boshqalar bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bular qatoriga “Bau-und Verwaltungsgesellschaft”, “GP Papenburg Maschinenbau”, “Gala-Lusit-Betonsteinwerke”, “GP Steuerungs-und Anlagenbau” kabi kompaniyalar kiradi. 2020 yil yakunlari bo‘yicha konser tarkibiga kiruvchi kompaniyalarning jami daromadi 1,15 milliard yevroni tashkil etdi. Hozirgi kunda “GP Günter Papenburg AG” konserni hamda “Transyo‘lqurilish” DUK bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Asfalt-beton aralashmalari ishlab chiqarish” – “Papenburg Uzbekistan” qo‘shma korxonasi MCHJ faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, A.Papenburg tashabbusi bilan Andijonda “Berlin” o‘quv markazi tashkil etilgan.  

OKMK Axborot xizmati,  

O‘zA