Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Ularni qancha e’zozlasak, ardoqlasak shuncha kam.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati tomonidan 1 oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda shu haqida so‘z bordi. Unda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida faoliyat yuritayotgan O‘quv markazi, Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi hamda MTTU MISiS Olmaliq filiali, Toshkent davlat universiteti Olmaliq filiali o‘qituvchi va murabbiylari, shuningdek, kombinat tarkibiy bo‘linmalarida mehnat qilayotgan ishlab chiqarish ustozlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi, Senator Abdulla Xursanov ustoz va murabbiylarning mehnati e’tirofga sazovor ekanligi, ularning jamiyatda mavqeini oshirish davlat siyosati darajasiga chiqqanligini ta’kidlab, ularni samimiy muborakbod etdi. Tadbir davomida bir guruh ustoz, murabbiylar kombinat faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
“Metallurg” MS badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, “Kamalak” havaskorlik drama to‘garagi a’zolari tomonidan tayyorlangan, ustoz va murabbiylarni ulug‘lovchi she’riy kompozitsiya ishtirokchilar katta taassurot qoldirdi.
OKMK matbuot xizmati,
O‘zA