Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK Toshkentda muhim g‘alabaga erishdi
09:57 / 2025-08-06

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 17-turini boshlab bergan “Paxtakor” va OKMK jamoalari o‘rtasidagi o‘yin keskin va murosasiz o‘tdi.

“Jar” stadionida o‘tgan ushbu o‘yinda OKMK 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur jamoaga muhim g‘alabani taqdim etgan gollarga Ruben Sanches mualliflik qilgan bo‘lsa, “Paxtakor” klubining yagona goli 47-daqiqada Igor Sergeyev tomonidan kiritildi. Shu tariqa, OKMK ochkolarini 33 taga yetkazib oldi, “Paxtakor” esa 29 ochko bilan qoldi.    

Bugun, 6 avgust kuni 17-turdan o‘rin olgan “Navbahor” – “So‘g‘diyona” va “Mash’al” – “Dinamo” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.

Shu o‘rinda, Namangandagi “Markaziy” stadionida soat 19:00 da boshlanadigan “Navbahor” – “So‘g‘diyona” jamoalarining o‘zaro o‘yinlari statistikasini keltirib o‘tsak.

Bu galgi o‘yin ushbu jamoalarning milliy chempionatimizdagi 60- uchrashuvidir. Bugunga qadar o‘tgan 59 ta o‘yinning 28 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 23 ta o‘yinda “So‘g‘diyona” zafar quchgan. Qolgan 8 ta bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati - 98/70 Namangan shahri klubi foydasiga.

Darvoqe, Superliganing birinchi davrasida “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Navbahor”ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Ayni damda chempionat jadvalida vodiy klubi 27 ochko bilan 7-pog‘onada borayotgan bo‘lsa, Jizzax klubi 16 ochko bilan 12-o‘rindan joy olgan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA