Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnogen chiqindilardan mahsulot olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chiqindilarni utilizatsiya qilish va uning tarkibidan rangli va qimmatbaho metallarni ajratib olish texnologiyasi asosida yangi mahsulot olishga erishildi.
Kombinatning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida Gidrometallurgiya sexida molibden keklarini qayta ishlash uchastkasi faoliyat boshladi.
Ma’lumki 5-6 foizli molibden qoldiqlarini asosiy ishlab chiqarish jarayonlaridan qayta ishlab chiqarishga yo‘naltirish katta mablag‘ talab etadi. Birlashma mutaxassislari buning oldini olish uchun gidrometallurgiya texnologiyasi orqali qayta ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilning birinchi choragida ish boshlagan mazkur uchastka bugungi kunda oyiga 3,5 tonna molibden tuzlarini ishlab chiqarmoqda. Bu ko‘rsatkich yaqinda 10 tonnaga yetkaziladi va 5 milliard so‘mdan ortiq foyda keltirishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha natijasida 20 yangi ish o‘rni ham yaratildi. Ishlab chiqarish xajmi oshishi bilan ishchilar soni yanada ortadi.
OKMK Axborot xizmati
O‘zA