O‘zbekiston Superligasining 6-turidan o‘rin olgan so‘nggi bahsda "Surxon" va "Navbahor" klublari o‘zaro raqobatlashdi.
“Surxon-arena” stadionida o‘tkazilgan uchrashuvning 87-daqiqasida Kirill Kolesnichenko tomonidan kiritilgan gol “Surxon” jamoasining g‘alabasini ta’minladi va klubga muhim 3 ochko taqdim etdi.

Futbol bo‘yicha milliy chempionatimizning oltinchi turi yakunlariga ko‘ra, OKMK 16 ochko jamg‘argan holda Superliga jadvalida yaqqol peshqadamga aylandi. Ushbu jamoani “Nasaf” 14 ochko jamg‘argan holda ta’qib etmoqda. “Bunyodkor” va “Dinamo” klublari bir xil - 12 ochko jamg‘arib, 3-4 pog‘onadan o‘rin oldi.
“Oltin vodiy”ning uch jamoasi “Andijon” (9 ochko), “Neftchi” (9 ochko) va “Navbahor” (8 ochko) ketma-ketlikda 5-7 o‘ringa joylashdi. “Xorazm” va “Qizilqum” 7 ochko to‘plagan hola 8-9 o‘rinda qolgan bo‘lsa, uzoq kutilgan g‘alabaga erishgan “Paxtakor” 6 ochko bilan kuchli o‘nlikni yakunlab berdi. Biroq “Buxoro”, “Qo‘qon-1912”, “Surxon” va “Mash’al” klublari hisobida ham 6 ochko mavjud bo‘lib, bu jamoalar gollar nisbatiga ko‘ra 11-14 pog‘onalardan o‘rin egalladi. “So‘g‘diyona” 4 va “Sho‘rtan” 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinlarda borayotir.
O‘tgan 6 tur davomida Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) 5 ta gol urib, to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib bormoqda. Uni Igor Sergeyev (“Paxtakor”) va Luis Kachorri (“Bunyodkor”) 4 ta gol bilan ta’qib qilmoqda.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, bu turda o‘tkazilgan uchrashuvlar orasida Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida tashkil etilgan “Neftchi” va “Paxtakor” bahsiga eng ko‘p muxlis tashrif buyurdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, mezbonlar 4:0 hisobida yengilgan o‘yinni 15 ming 500 nafar muxlis stadiondan kuzatdi. Shuningdek, “Bobur-arena” mezbonlik qilgan “Andijon” – “Dinamo” (1:2) bahsiga 14 ming 7 nafar futbol ishqibozi keldi.
Superliga bahslarining 7-tur o‘yinlari 25-28 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.

Taqvim quyidagicha:
- 25 aprel: “Dinamo” – “Neftchi”;
- 26 aprel: “Qo‘qon-1912” – “Xorazm”, “Mash’al” – “Surxon”, “So‘g‘diyona” – “Andijon”;
- 27 aprel: “Nasaf” – “Qizilqum”, “Navbahor” – “Buxoro”, “Paxtakor” – “Sho‘rtan”;
- 28 aprel: “Bunyodkor” – OKMK.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA