Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK: quruvchilar sharaflandi
15:52 / 2023-08-11

Mamlakatimizda 2017 yildan buyon avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida ham qurilish sohasi bilan bog‘liq bir qator tarkibiy bo‘linmalar faoliyat yuritib keladi. Bugun sana munosabati bilan kombinat bunyodkorlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.  

Tadbirda so‘z olgan OKMK rahbariyati kombinat bunyodkorlari nafaqat tarkibiy bo‘linmalarning qurilish ishlarida balki Olmaliq shahar, Toshkent viloyati va Respublikamizdagi ijtimoiy soha ob’ektlarini ham barpo etishda jonbozlik ko‘rsatayotganini ta’kidlashdi.  

“O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” munosabati bilan bir guruh quruvchilar turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. “Metallurg” madaniyat saroyining ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.  

Ma’lumot uchun: bugungi kunda OKMK tarkibida aynan faoliyati qurilish sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan Kapital qurilish boshqarmasi, Loyiha ishlari boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Shaxtaqurilish boshqarmasi kabi tarkibiy bo‘linmalar mavjud. Shuningdek, har bir tarkibiy bo‘linmada qurilish sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlar faoliyat yuritadi. Joriy yilda kombinat quruvchilari tomonidan Parkent tumani Krasnogorsk shaharchasida “Chotqol” madaniyat saroyi va Olmaliq shahridagi 33-son maktabgacha ta’lim muassasasida kapital ta’mirlash, Olmaliq shahrida yer osti o‘tish yo‘lagini qurish va ko‘p qavatli uylarning atrofida obodonlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.

Shuningdek, kombinatning Muhandislik maktabi o‘quv va trening binolarini qurishda va Olmaliq shahar tug‘uruq kompleksini qayta rekonstruksiya qilishda ham kombinat bunyodkorlari ishtirok etmoqda.  

OKMK Axborot xizmati