Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 6-tur doirasida OKMK – “So‘g‘diyona”, “Andijon” – “Dinamo” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Superliga bahslarining markaziy o‘yinlaridan biri bo‘lgan OKMK va "So‘g‘diyona" jamoalari to‘qnashuvi gollarga boy o‘tdi. Uchrashuvda dastlab "So‘g‘diyona" vakili Lyupcho Doriyev 47-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, mezbonlar sharafini himoya qilayotgan Ali Abdurahmonov 52-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Oradan 5 daqiqa o‘tib, L.Doriyev o‘zining ikkinchi goliga mualliflik qildi. Biroq ushbu vaziyatdan o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan Mirjalol Qosimov shogirdlari hujumlarga bor e’tiborini qaratdi. Natijada 74- va 84-daqiqalarda Xurshid G‘iyosov raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Shu tariqa, OKMK raqib ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi va 16 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalida yaqqol peshqadamga aylandi.
6-turda “Bobur-arena” stadionida o‘tkazilgan "Andijon" – "Dinamo" qarama-qarshiligida 1:2 hisobi qayd etildi. O‘yinda Ulug‘bek Abdullayev (“Andijon”), Luka Oskovich va Firdavs Abdurahmonov (“Dinamo”) o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi.

Bugun, 21 aprel kuni “Surxon-arena” stadionida “Surxon” – “Navbahor” klublari o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi. Mazkur o‘yindan so‘ng Superliganing 6-turiga yakun yasaladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA