Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining asosiy bo‘linmalaridan hisoblangan Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasi yana bir belgilangan marrani zabt etdi.
Fabrika mutaxassislari tomonidan bugun mis boyitmasidagi misni Mis eritish zavodiga jo‘natish bo‘yicha 2025 yil uchun belgilangan vazifa muddatidan avval bajarilishiga erishildi. Dekabr oyining birinchi o‘n kunligi yakunlariga ko‘ra, Mis eritish zavodiga fabrika tomonidan 111,25 ming tonna mis boyitmasidagi mis yetkazib berildi.


Bunday ijobiy natijalarga erishish uchun 2025 yilda Mis boyitish fabrikasida asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va ishlab chiqarishni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom ettirildi.

Xususan, belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi mahsulot sifatini oshirish va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga xizmat qildi. Bundan tashqari, MBF tomonidan molibden oraliq mahsulotidan molibden yetkazib berish bo‘yicha yillik reja joriy yilning oktyabr oyida muddatidan avval bajarilgan edi.
A.Musayev, O‘zA.