Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK: mahalliylashtirish orqali 20 milliard so‘m tejaladi
15:31 / 2024-02-28

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasida mahalliylashtirish dasturi doirasida 2023-yilning o‘zida 209 turdagi import o‘rnini bosuvchi temir yo‘l transporti ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Natijada esa 21,7 milliard so‘m mablag‘ tejaldi. Joriy yilda ham kombinat temiryo‘lchilari 238 turdagi detallarni tayyorlash orqali 33,6 milliard so‘m mablag‘ni tejashni rejalashtirgan. Ayni paytda yuk tashishda asosiy vosita hisoblangan 2VS-105 turidagi vagon-samosvalning 60 foiz ehtiyot qismlari ishlab chiqarilmoqda. Hozirgi kunda ushbu turdagi vagon-samosvalning yuqori ramasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ustida izlanishlar olib borilmoqda. Shu kungacha ushbu ehtiyot qismning bir donasi xorijdan qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ evaziga xarid qilingan. 

Endilikda ushbu ehtiyot qism korxonada ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Ehtiyot qismning ishlab chiqarish xarajatlari esa 500 million so‘mni tashkil etadi. STTBning ushbu ehtiyot qismga bo‘lgan yillik ehtiyoji 40 donani tashkil etishini hisobga oladigan bo‘lsak, birgina ushbu detalning mahalliylashtirilishi yiliga 20 milliard so‘m mablag‘ni iqtisod qilish imkonini beradi. 

Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda harakatlanuvchi tarkibning ta’mir jarayonlarida zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar ishlab chiqarilishi samarali o‘zlashtirilyapti. Amalga oshirilgan ishlar natijasida import mahsulotlarining hajmi sezilarli darajada kamayadi. 

OKMK matbuot xizmati