Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK ko‘magida “Oltin beshik” yangi binoda ish boshladi
18:25 / 2022-08-29

Xalqimizda to‘yga to‘yona bilan, degan ajoyib naql bor. Mamlakatimizda katta to‘yga ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligini keng nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Bayram arafasida mamlakatimizning turli hududlarida yangi qurilgan bino va inshootlarni, joriy ta’mirlab, rekonstruksiya qilingan ijtimoiy ob’ektlar, bog‘cha, maktab va shifoxonalarni foydalanishga topshirish an’anaga aylangan.

Olmaliq kon metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarishda ilg‘or, balki, ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoni “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil kombinat faoliyatida ham ustuvorlik kasb etayotir. Jumladan, Olmaliq shahrida ijtimoiy sohani rivojlantirish, yo‘llarni asfaltlash, ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘p qavatli uylar hududlari va shahar ko‘chalarida daraxt ko‘chatlarini ekish, tartibga keltirish, ozodalikni saqlash borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Kombinat homiyligida 39-sonli “Oltin beshik” maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Bugun foydalanishga topshirilgan bog‘cha binosi mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida bolajonlar va ularning ota-onalari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilish marosimida OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, quruvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda OKMK boshqaruvi raisi A.Xursanov zamonaviy ta’mirlangan bog‘chada bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidlab, kombinat tomonidan bu kabi ezgu amallar bardavomlik kasb etishini ma’lum qildi. Kombinat ishchi-xodimlarining farzandlari ishonchli qo‘lda ekanligi, ushbu bog‘cha boshqa muassasalarga namuna bo‘lishini alohida e’tirof etdi.

Tadbir davomida bir guruh quruvchilar va MTT ishchi-xodimlari esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi va ramziy lenta qirqilib, muassasa rasman foydalanishga topshirildi. Ishtirokchilar yangi ta’mirdan chiqqan MTT binosi bilan tanishtirildi. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan kombinat bog‘chalariga navbatga turish jarayoni raqamlashtirilgan bo‘lib, ushbu yangilikning ham taqdimoti o‘tkazildi.

39-sonli bog‘cha 1990 yilning 28 sentyabr sanasida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, shu kunga qadar ushbu ob’ektda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmagan. Ushbu ob’ektni ta’mirlash uchun kombinat tomonidan 6,4 milliard so‘m sarflandi. Ilgari bu bog‘chada 9 ta guruh faoliyat yuritib, ularda 216 nafar bolajonlar tarbiyalangan. Endilikda esa guruhlar soni 13 taga yetkazildi, ya’ni 312 nafar bolalar bu yerda tarbiya oladi. Bolalar yotoqxonalari, ta’lim-tarbiya xonalari, musiqa xonasi va sport zali to‘liq jihozlandi. Qishki basseynda bolajonlarning suzish bilan shug‘ullanishi uchun ham barcha sharoit yaratilgan. Shifobaxsh choylarni taqdim etuvchi fitobar ham bolajonlar ixtiyorida.

– Kombinat rahbariyati tashabbusi va e’tibori bilan bog‘chamiz butunlay yangi qiyofa kasb etdi, – dedi MTT mudirasi Ozoda Kamolova. – Bog‘chada bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Endilikda bizdan bolajonlarni tarbiyalashda faqat va faqat mas’uliyat talab etiladi. Fursatdan foydalanib kombinat rahbariyatiga ota-onalar, muassasa xodimlari nomidan minnatdorlik bildiraman.

Ma’lumot uchun: kombinat Olmaliq shahridagi ikkita tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish ishlariga ham homiylik qilmoqda. Bundan tashqari, kombinat tomonidan har yili bitta maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirdan chiqariladi. Joriy yilning 1 oktyabr kunidan boshlab 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ham mukammal ta’mirlash ishlari boshlanadi.

OKMK Axborot xizmati, O‘zA