Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK: jurnalistlar uchun press-tur
19:07 / 2022-12-27

OKMKning Chirchiq shahrida joylashgan tarkibiy bo‘linmasi – Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida jurnalistlar uchun press-tur o‘tkazildi.

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yil dasturi ijrosi” mavzusida tashkil etilgan mazkur tadbirda mutaxassislar tomonidan bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, ushbu birlashma OKMK tarkibidagi eng muhim tarkibiy bo‘linma bo‘lib, unda molibden va volfram metalli, tuzlar, volfram karbidi, olovbardosh keramik mahsulotlar, qattiq qotishmalardan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilgan. Birlashma tomonidan 2022 yil 33,3 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Ichki bozorga esa 29,18 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berilgan. Kombinat tarkibiy bo‘linmalariga esa 1,09 milliard so‘mlik mahsulot yuborilgan. Bundan tashqari, birlashma qoshida 2019 yil O‘zbek-koreys ilmiy texnik markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaz mutaxassislari tomonidan samarali ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Kombinat olimlari hamda birlashma, markaz mutaxassislarining samarali ilmiy tadqiqot ishlari natijasida 2021 yilda reniy metalli, 2022 yilda esa molibden metallini sof holatda olinishiga erishildi.  

Press-tur davomida OAV vakillari 28 mingta konchilik, geologiya sohalari, kimyo-fizika fanlariga oid tadqiqotlar, ilmiy-ommabop adabiyotlariga ega kutubxonani borib ko‘rdi. Bu yerda kombinat mutaxassislari o‘zlari ustida ishlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Mutaxassislarining aytishicha, bu yil darajada mustahkamlik va egiluvchanlikka ega nikel asosli yangi super qotishma olindi. Undan avtomobilsozlik, ichki yonuv dvigatellari, yuqori issiqlikda ishlovchi qurilmalar, neft-gaz sohasida, aerokosmik ishlab chiqarishda foydalaniladi. Yana bir yangi mahsulot ammoniy oktamolibdat bo‘lib, u tutunni kamaytiruvchi va olovni so‘ndirish xususiyatiga ega. Ushbu modda barcha plastik mahsulot (polivinilxlorid)lariga qo‘shilganda birinchi navbatda yong‘inni o‘chirish xususiyatga ega. Eng afzallik jihati plastik qurilish materialiga qo‘shilganda uning yonuvchanligini to‘xtatadi. Bundan tashqari, Samarqand viloyatida joylashgan “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash, volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ishlari ham birlashma mehnat jamoasi zimmasiga yuklatilgan edi. Ushbu konning texnogen chiqindilaridan avgust oyida ilk mahsulot olinishiga erishilib, bu mahsulotga xalqaro sertifikat olindi.  

Mutaxassislar o‘z taqdimotlarida 2022-2026 yillarda birlashmani rivojlantirish dasturi bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan umumiy qiymati 161,05 million dollar bo‘lgan 34 ta loyiha haqida aytib berdi. Bu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 135 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 20 dan ortiq mahsulot turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.  

– Birlashmamizda hozir 1 ming 200 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilyapti. Joriy yilda birlashmamiz mehnat jamoasi 421,3 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqardi va reja 180,2 foizga muddatidan avval bajarildi, – deydi birlashma direktori Ilhom Asadov. – Mahalliylashtirish dasturi asosida 42 ta loyiha bo‘yicha 110,3 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Bundan tashqari, joriy yilning 25 dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 15 milliard von miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ko‘rinib turibdiki, kelgusi yil ham katta maqsadlarimiz bor.  

Press-tur davomida OAV vakillari bir qator ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyati bilan tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.  

A.Musayev, O‘zA.