Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK homiyligida ikkita tibbiyot muassasasi rekonstruksiya qilinmoqda
10:43 / 2022-08-26

“Inson qadri uchun” degan tamoyil mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Bugun yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, xalqimizning uzoq umr ko‘rishi va farovon turmush kechirishi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham bu yo‘nalishda e’tiborga molik ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, kombinat Olmaliq shahridagi ikkita tibbiyot muassasasini rekonstruksiya qilishga homiylik qilayotir. Ayni kunda shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli shartnomaviy poliklinikada ta’mirlash ishlari avjida. Ob’ektda demontaj ishlari yakunlanib, tom qismida 50 foiz ishlar bajarilgan, montaj, elektromontaj va santexnika ishlari davom etmoqda. 

Ushbu tibbiy muassasani joriy yilning yakunida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Muassasa 300 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida rentgen xonasi 4-qavatdan 1-qavatga tushirildi. Binoning elektr energiyasi va issiq suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida tom qismiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Energiya tejamkorligiga erishish uchun yo‘laklar va landshaft qismi harakat datchiklari bilan jihozlanadi. 4 qavatli binoga lift ham o‘rnatiladi. OKMK tomonidan ushbu tibbiyot muassasasini ta’mirlashga jami  12,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. 

Kombinat homiyligida Olmaliqdagi tug‘ruq majmuasi viloyat miqyosidagi tumanlararo perinatal markazga aylantirilishi rejalashtirilgan. Ushbu tibbiy muassasa avval 90 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa, endilikda 120 kishiga xizmat ko‘rsatadi. Markaz to‘liq raqamlashtirilgan holda faoliyat yuritadi. Ayolning homilador bo‘lgan kunidan boshlab to tug‘ruqqacha bo‘lgan davr markaz tomonidan nazoratga olinadi.  

Kombinat rahbariyati va mutaxassislari tomonidan tug‘ruq majmuasi binosida homilador ayollar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tibbiy xizmat sifatini oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari o‘rganildi. Ob’ekt hududidagi 2 ta alohida binoni issiq yo‘lak bilan birlashtirish taklifi bildirildi. Bu sovuq kunlarda bemorlarga yanada qulaylik yaratadi. Yaqin kunlarda bu yerda ham ta’mir ishlari boshlab yuboriladi. Mazkur ob’ektning ta’mirlash ishlariga 10,3 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. 

Kombinat mutasaddilari ta’kidlaganidek, bu ishlarning barchasi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.  

 

OKMK Axborot xizmati, 
O‘zA