Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK go‘zallarini bilasizmi?
12:07 / 2026-03-03

Mamlakatimizning yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 8 mingga yaqin ayollar faoliyat ko‘rsatishadi. Ular orasida o‘z kasbining mohir ustalari va serqirra ijod sohibalari ko‘p.

Ana shunday har ishda faol ishchi ayollarning iste’dodlarini namoyon qilish hamda munosib rag‘batlantirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda kombinat  Kasaba uyushmasi kengashi tomonidan “OKMK go‘zali” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinadi.

Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida ushbu tanlovning 2026-yilgi mavsumi saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan 5 nafar ishtirokchi o‘rtasida final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilar 3 ta shart bo‘yicha o‘z bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Dastlab “Milliylik” raqs shartida ishtirokchilar an’analarimizga xos joziba va latofatni mahorat bilan namoyon etdi. Ularning sahnadagi chiqishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. “Mening bir kunim” nomli videoroliklar shartida qatnashchilar o‘z kasbiy faoliyati, ish jarayoni hamda shaxsiy qiziqishlari haqida videolavhalar orqali atroflicha ma’lumotlar berishdi.

Uchinchi — “Oila muqaddas” shartida esa qatnashchilar bugungi kundagi dolzarb ijtimoiy masalalarni sahna ko‘rinishlari orqali ifodalab, oilada xotin-qizlarning  beqiyos o‘rni va qadri haqida chiqishlar qilishdi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Eng latofatli” nominatsiyasiga “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti yer osti ishlarini mustahkamlash va shamollatish uchastkasi chizmachisi Shahnoza Turg‘unova, “Eng quvnoq” nominatsiyasiga Mis boyitish fabrikasi boshqaruv pulti operatori Iroda Qo‘ziboyeva, “Eng ijodkor” nominatsiyasiga Kovuldi kon boshqarmasi moddiy ta’minot omborchisi Orzigul Madimarova, “Eng mahoratli” nominatsiyasiga  Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasi elektromontyori Madina Umurqulovalar loyiq topildi.

“OKMK go‘zali – 2026” ko‘rik-tanlovi g‘olibi, deya Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi ish taqsimlovchisi Aziza Rahmatullayeva e’tirof etildi.

Yakunda barcha ishtirokchilarga kombinat Kasaba uyushmasi kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Musayev, O‘zA