“Olmaliq KMK” AJ tomonidan bolalar futboliga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, OKMK futbol jamoasi qoshida futbol akademiyasi tashkil etilib, akademiya tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy maydonlar qurib berildi. Endilikda yosh futbolchilar zamonaviy binoda yashab, ta’lim olishi va parallel ravishda futbol sirlarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.
OKMK homiyligida barpo etilgan akademiya tarbiyalanuvchilari uchun yangi bino foydalanishga topshirildi. Ob’ektning ochilish marosimida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse prezidenti Odil Ahmedov, texnik direktor Gi Kiala, Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi A.Momunov nomidagi futbol akademiyasi direktori Timur Abdullayev, Toshkent viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti Asqar Jadigerov, OKMK PFK prezidenti Abdulla Xursanov, taniqli futbol sharhlovchilari Mirzahakim To‘xtamirzayev va Xayrulla Hamidov, Toshkent viloyati futbol mehnat faxriylari, murabbiylar hamda yosh futbolchilar ishtirok etdi.
Tadbirda davlatimiz rahbari boshchiligida futbolga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. Olmaliqda ham kombinat tomonidan futbolga berilayotgan e’tibor yuksak baholandi. Pudrat tashkiloti tomonidan OKMK homiyligida 8 oy davomida sobiq “Vesna” mehmonxonasi kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofaga keltirildi. Akademiya binosi 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, binoda akademiya tarbiyalanuvchilari uchun yotoqxona, oshxona, kir yuvish va tibbiyot xonalari tashkil etildi. Zamonaviy jihozlarga ega bo‘lgan binoda 7 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar nafaqat yashab dam olishlari, balki o‘z bilimlarini mustahkamlashlari uchun ham imkoniyatlar yaratildi. Buning uchun 3 ta o‘quv xonasi tashkil etilib, yosh futbolchilar ingliz tilini o‘rganishadi, nazariy bilimlarini oshiradi hamda o‘yinlarning video tahlili bilan tanishadi. Bino ichkarisidagi har bir xonalar futbol hayotini aks etuvchi suratlar bilan bezatilgan. Akademiyada 25 nafar tajribali murabbiylar yoshlarga saboq beradi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarga ingliz tili ham o‘rgatib boriladi.
E’tiborlisi, OKMK futbol akademiyasi mamlakatimizdagi yotoqxonalari bor to‘rtinchi akademiyaga aylandi. Ma’lumot o‘rnida Nasaf, Mash’al va Bunyodkor futbol jamoalarining akademiyalarida yotoqxonalar mavjud.Rekonstruksiya davomida binoning issiq va sovuq suv hamda isitish tizimlari to‘liq yangilandi. Yong‘in xavfsizligi va videokuzatuv tizimlari o‘rnatildi. Hudud obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirildi. Eng asosiysi, akademiyada yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanishiga, futbol sirlarini o‘rganishlariga keng imkoniyatlar yaratilgan.
Ma’lumot uchun hozirda akademiyada bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish dasturi rahbari Denis Xomutov boshchiligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilda akademiyaning 9 va 12 yoshli bolalar jamoasi qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 10 yoshli bolalar jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, akademiyaning 13 va 14 yoshli o‘smirlar jamoalari o‘z yosh toifalarida Qozog‘istondagi xalqaro musobaqada tengsiz ekanliklarini namoyish etdi. Hozirda akademiya qoshida 9 yoshdan 19 yosh toifasigacha bo‘lgan jamoalar faoliyat yuritib kelmoqda. Jami bo‘lib 300 nafarga yaqin o‘smirlar va yoshlar futbol sirlarini o‘rganyapti.
OKMK Axborot xizmati